Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Senator, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Rustam Xolmurodovning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan muloqoti  SamDU talabalari bilan bo‘lib o‘tdi.

    Rustam Xolmurodov muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasida yangilanish tamoyillari aks etganini ta’kidlab, qonun loyihasiga munosabat bildirishda har bir yosh faol ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi.  

    Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartishlar haqida ma’lumot berar ekan, yangilanayotgan bandlar inson qadrini ulug‘lash, inson manfaatlarini himoyalash, ta’lim, sud-huquq tizimini isloh qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligini, bu islohotlarni Konstitutsiyamizda ham belgilab qo‘yishning vaqti kelganligini ta’kidladi.

    Davlatimizning Asosiy Qonuni odamlar oldiga yangi talablar qo‘yish uchun emas, inson qadrini ulug‘lash va qulay hayot sharoitlarini yaratish uchun xizmat qilishi kerakligi, shu boisdan taklif etilayotgan Qonun loyihasida ushbu masalalar yanada mustahkam belgilab qo‘yilgani haqida fikr bildirdi.

    Qonun loyihasi muhokamasida talabalarning savol va takliflari tinglanib, muhokama qilindi.  

    - Bugungi muloqotda Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida atroflicha fikr almashdik, - deydi SamDU filologiya fakulteti talabasi Mahliyo Suyundiqova. -  Ayniqsa, Konstitutsiyamizning 41-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bizni juda quvontirdi. Maktabgacha ta’lim va tarbiya masalasi, iste’dodli yoshlarning ta’limni davom ettirish kafolatlari  Bosh Qomusimizda belgilanishi alohida e’tirofga loyiq.

.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.