Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti magistri Zilola Amriddinova “8-sinf adabiyot darsligining qiyosiy-tipologik tahlili” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzu bo‘yicha bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Joriy yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan “Eng yaxshi innovator - 2022” maqolalar tanlovida “Mustaqillikdan keyingi yillarda yaratilgan adabiyot darsliklarida ijodkor tarjimayi holining qiyosiy-tipologik tahlili” maqolasi bilan ishtirok etib, esdalik nishon bilan taqdirlangan. Ilmiy rahbari o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Badia Muhiddinova.

    – Adabiyot fan sifatida insoniyat yuksala boshlagandan buyon o‘zining muhim o‘rniga ega bo‘lgan uzoq tarixiy davrni o‘z ichiga olgan fanlardan bo‘lib kelmoqda, - deydi Zilola Amirdinova. - Dunyoda yuksak taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday xalq, avvalo, adabiyotiga e’tibor qaratadi. Chunki yosh avlodni tarbiyalashda, insonlarni ma’naviyatga chorlashda fanning o‘rni nihoyatda katta. Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga eng dolzarb masala sifatida qaralayotgani ham, adabiyotning o‘rnini, uning dolzarbligini yanada oshirdi. Tadqiqot mobaynida 8-sinf adabiyot darsligini o‘rganishda darslikning 1997, 2002, 2006, 2010, 2014, 2019-yillardagi tahririda, asosan, hammualliflarning o‘zgarganligi, annotatsiyaning tanlanganligi, ijodkorlarning faoliyati qanday yoritilganiga, badiiy asarlarning qay tartibda berilganiga, nazariy ma’lumotlarning qiyosiy tahlilini amalga oshirishga harakat qildim. Mazkur darslikda ma’lumotlar to‘liq holda berilgani uchun ham o‘quvchida nisbatan kengroq tasavvur, tushuncha va bilim hosil qila oladi, ya’ni dars jarayonida ko‘zlangan maqsadga to‘liq erishish mumkin bo‘ladi.

    Tadqiqotchining ilmiy ish davomida avvalgi darsliklarni o‘rganib hozirgilari bilan qiyoslash, yutuq va kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha olib borgan tahlili yangi yaratiladigan darsliklar uchun ulkan zamin hozirlashi shubhasiz.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.