Hurmatli ustozlar va qadrli talabalar barchangizni ko‘hna va navqiron Samarqandimizning tarixiy oliygohi sanaladigan Universitetimiz kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Qadim chinorlar kabi necha yuz yillik tarixlarga guvoh bo‘lgan, qalami o‘tkir shoir va yozuvchilar, ilm arboblari, olimlarni yetishtirgan bu oliygoh hanuz ilmsevar va vatanparvar yoshlarga saboq berib kelmoqda. Universitetimizning ko‘hna tarix tamaddunining beshigi sanalgan, Rum qaysari Iskandarni mag‘lub etgan, istilo va janglarda mardonavor kurashib salobatini yo‘qotmagan, Amir Temur saltanatiga poytaxt, Xo‘ja Ahrori Valiydek pirlarning boshpanasi bo‘lgan, Bobur Mirzoga kuch-g‘ayrat bergan sevimli Samarqand shahrida qo‘nim topganligi bilan e’tiborlidir. Yana bir muhim jihati bu dargoh Navoiyga tahsil bergan va so‘ngra uning Renessansiga shohidlik qilgan, ustoz Abdurahman Jomiy qadami yetgan, Mirzo Ulug‘bek kashfiyotlariga guvoh bo‘lgan, olim Ali Qushchining darslarini olgan bu tarixiy Universitet filologiya fanlari doktori, akademik Botirxon Valixo‘jaev ta’kidlaganidek, “Madrasayi oliyaning munosib davomchisi”dir.

Ilm maskani o‘laroq bu yer jadidlar davrida yangiliklarga eshik ochdi. Matbuot kirib keldi, jurnalistika rivojlandi. Abrurauf Fitrat, Usmon Nosir, Hamid Olimjon kabi iste’dodlar talaba bo‘ldilar va filologiya fakultetiga asos solindi. Navoiyshunoslik maktabi shakllandi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Botirxon Valixo‘jaev, Rahmatulla Qo‘ng‘urov, Nuriddin Shukurov, Qobiljon Toxirov, jonkuyar ustozlar, tadqiqotchi olimlar aynan shu yerda yetishdi. Ularning davomchilari professor Muslihiddin Muhiddinov, Hotam Umurov, Suyun Karimov, Ibodulla Mirzaev, Dilorom Salohiy, Jo‘liboy Eltazarov kabi mamlakatimizning oliy mukofotlari sohibi bo‘lgan ustozlar talabalarga ilim ulashib kelmoqdalar. Men ham bu Universitetning tahsil ko‘rgan talabasi, ayni paytda kichik bir vakili, yosh tadqiqotchi sifatida barchangizni ushbu kun bilan tabriklayman, ustozlarimiz va talabalarga va bu dargohda mehnat qilib kelayotgan barcha a’zolariga zafarlar tilayman. Universitetimizning kelajagi porloq bo‘lsin, yana yuzlab Prezident stipendiyasi sovrindorlari, Zulfiya davlat mukofoti sohibalari, Olimpiyada g‘oliblari yetishishiga tilakdoshman. Sevgi va hurmat-la salomlarimni yo‘llayman!

Nilufar Tinchlikova
Turkiya Respublikasi
Muğla Sıtkı Koçman Universiteti
 

Turk tili va adabiyoti bo‘limi doktoranti