Assalomu alaykum! Men kimyo fakulteti Samarqand davlat universiteti noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi dotsenti lavozimida ishlayman. Taqdir taqozosi bilan hozirgi kunda Amerika Kengashining Faculty Enrichment Program dasturi doirasida AQShning Texas A&M universitetida stajirovka o‘tayapman.

Bugungi axborot texnologiyalari rivojlangan bir paytda har kuni vatanimiz, shuningdek universitetimizda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlardan boxabar bo‘lishga harakat qilaman. Shunday yangiliklardan biri bu qadrdon universitetimiz tarixida birinchi marta “Samarqand davlat universiteti kuni” nishonlanishi bo‘ldi. Bu qutlug‘ sana bilan tabriklash imkoniyati menga ham berilganidan juda mamnun bo‘ldim.

Shu paytgacha jahonning 3 ta davlatidagi (Xitoy, Germaniya va Fransiya) yetakchi universitetlarda 1 yildan turli dasturlar doirasida bo‘lishga to‘g‘ri kelgan va ulardagi ta’lim jarayoni bilan ma’lum darajada tanishman. Ularda universitetni rivojlantirish va obro‘sini oshirish uchun talabadan tortib akademikkacha o‘z vazifasiga sidqidildan kirishishini ko‘rganman. Samarqand davlat universiteti oldida flagman universitet bo‘lish talabi turgan ekan biz ham shunday harakat qilishimiz shart va keyingi yillardagi islohotlar bunga yo‘l ochyapti deb hisoblayman.

Men uchun universitetdagi faoliyatim hayotimning bir bo‘lagi hisoblanadi va fursatdan foydalanib Samarqand davlat universiteti bilan hayotini bog‘lagan hammani bayram bilan tabriklayman! Qutlug‘ sana muborak bo‘lsin!

Xurshid Toshpo‘latov. 19 sentabr 2021 yil. Texas shtati Korpus Kristi shahri (AQSh).