Samarqand davlat universiteti analitik kimyo kafedrasi assistenti Dilnavoz Hamrayeva “Og‘ir metallar miqdorini aniqlovchi ion-selektiv elektrodlar yaratish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzu bo‘yicha 15 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan.

    – Bugungi kunda dunyoda atrof-muhitning og‘ir metallar bilan ifloslanish muammosi dolzarb tusga kirib bormoqda, - deydi Dilnavoz Hamrayeva. - Shu sababli bugun ilm-fanda og‘ir metallarning ultramikro miqdorini aniqlash imkonini beradigan ko‘plab fizikaviy va fizik-kimyoviy tadqiqot usullari mavjud, ammo bu usullar og‘ir metallarning aniq miqdorini aniqlash imkonini berolmaydi. Tadqiqotda dunyo miqyosida atrof-muhitning asosiy ifloslantiruvchisi bo‘lib hisoblanayotgan og‘ir metallar monitoringini olib borishni maqsad qilib olingan. Bunda qimmatbaho, zaharli simob elektrod o‘rnini bosadigan, ekologik toza, mahalliy xom-ashyolardan tayyorlangan yangi ion-seliktiv elektrodlarni yaratish hamda kanserogen va zaharli metallarni aniqlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

     Atrof-muhitning ifloslanishi va atrof-muhit monitoringi muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda bir qator metallar tabiat va inson uchun zararli ekanligi aytib o‘tilgan. Shu sababli, metallarning xavflilik sinfiga oid batafsil ma’lumotlarni o‘rganish hamda tekshirish muhim ahamiyatga ega. Qayd etilgan natijalarga ko‘ra ko‘pgina og‘ir metallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson organizmiga o‘tib uning normal faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, chuchuk suv havzalarida suv tarkibida og‘ir metallar miqdorining ortib borishi ichimlik suvining ifloslanishiga ham sabab bo‘ladi. Eng katta ekologik xavf atrof-muhitning og‘ir metallar bilan ifloslanishi muammosidir. Shuning uchun ham og‘ir metallar miqdorini aniqlashga qaratilgan mazkur tadqiqot kimyo uchun ham, inson va atrof-muhit muhofazasi uchun ham muhim hisoblanadi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.