SamDUda Massachusets texnologiya instituti tajribasi joriy etiladi

Samarqand davlat universiteti dotsenti Akmal Safarov bugungi kunda universitetda Xalqaro Atom energetikasi agentligi (MAGATE) tomonidan moliyalashtirilayotgan UZB0006 raqamli grantning rahbari. Mazkur grant doirasida Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi sohasida 3 ta yangi fan dasturlarini tashkil etish maqsad qilingan. Ular: yadro reaktorlarining fizik asoslari, yadro elektronikasi, dozimetriya va radioekologiya.
Hozirgi kunda mazkur dasturlarni yaratish ustida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, xorijdan kerakli laboratoriya jihozlari olib kelinib, chet ellik mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, dastur doirasida Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va laboratoriyalarida stajirovka o‘tashi belgilangan.
Akmal Safarov ayni kunlarda mazkur grant doirasida dunyo universitetlari reytingida 1-o‘rinda turuvchi AQSh ning Massachusets texnologiya institutida stajirovka o‘tamoqda.
- Mening maqsadim, Massachusetsda mavjud bo‘lgan yadro reaktorlarining fizik asoslari bo‘yicha materiallar bilan tanishish, ularni mukammal o‘rganish va Samarqanddagi laboratoriyamizda uni tatbiq etish, - deydi Akmal Safarov. – Bu yerda reaktorlarni modellashtirishga qaratilgan yangi OpenMC dasturi mavjud bo‘lib, bu dunyo bo‘yicha shu sohadagi eng so‘nggi modellardan biridir. Ayni kunlarda biz ham ushbu dasturni o‘rganib, Samarqand davlat universitetida yangi barpo etiladigan Yadro reaktorlari laboratoriyasida uni joriy etish ustida ishlamoqdamiz. Shuningdek, biz mazkur dastur bazasi yordamida SamDU bakalavr va magistratura bosqichi talabalari uchun yangi laboratoriya ishlarini yaratishimiz mumkin. Bundan tashqari OpenMC dasturi doktorantlarga yadro reaktorlarini modellashtirishga qaratilgan dissertatsiya ishlari ustida ilmiy ish olib borish imkoniyatini beradi. Faqatgina bunda talabalarimizdan ingliz tili va Python dasturlash tilini mukammal bilish talab etiladi. Yana bir qiziqarli va foydali tomoni shundaki, OpenMC dasturi yadro reaktorlarini superkompyuter (klaster) larda modellashtirish imkoniyatini beradi va u mutlaqo bepul.
Shuningdek, OpenMC dasturi, doktorantlarga xam yadro reaktorlarini modellashtirishga karatilgan dissertatsiya ishlari ustida ilmiy ish olib borish imkoniyatini beradi.
Akmal Safarov fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), olimning 2021 yilda Scopus bazasidagi jurnallarda maqolalari soni 5 ta, Scopus bazasidagi h indeksi 4 ga teng. Shuningdek, u rus va ingliz tillarida erkin so‘zlasha oladi.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.