Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi o‘qituvchisi Nodira Nurullayeva o‘simliklarning morfobiologik xususiyatlari yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib boradi. Shu kunga qadar 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. 5 dan ortiq maqolasi Scopus va Web of Science nashrlarida chop etilgan. Yaqinda olima “Jing‘il turkum o‘simliklarining morfobiologik xususiyatlari va foydalanish istiqbollari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini  muvaffaqiyatli himoya qildi.

    – Jing‘il turkumi o‘simliklari odatda Janubiy Yevropa, Afrika va Osiyo cho‘llarida tarqalgan o‘simlik, - deydi Nodira Nurullayeva. - O‘rta Osiyo sharoitida to‘qay va o‘rmonzorlar, ko‘l va dengiz qirg‘oqlarida joylashgan chakalakzorlarda uchraydi. Jing‘il turkumiga kiruvchi o‘simliklar dengiz suvi chekingan joylarda ko‘chma qumlarni mustahkamlashda xizmat qiladi. Qolaversa, poyasidan o‘tin sifatida ham foydalanish mumkin. O‘simlikning morfobiologik jihatlari va introduksiyasini o‘rganish jarayonida bir qator dorivor xususiyatlarini ham aniqladik. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ushbu o‘simlikdan farmasevtika sohasida ham keng foydalanish mumkin ekan. Ayniqsa qarishni sekinlashtirishda faol ta’sir ko‘rsatuvchi o‘simlik hisoblanadi.

    Jing‘il tarkibida  askorbin kislotasi, polisaxaridlar, aminokislotalar va oqsillar mavjud. O‘simlikning ildizi, po‘stlog‘i, bargi va yosh novdalaridan turli dori vositalari tayyorlanadi. Shuningdek, mevasidan jigar va buyrak kasalliklarini davolash, ko‘rish faoliyatini yaxshilash, qandli diabet, gipertoniya kabi xastaliklarning oldini olishda samarali hisoblanadi. Ayrim turlari antioksidantlik xususiyati tufayli qarish jarayonini sekinlashtiruvchi va yoshartiruvchi vosita sifatida ham keng qo‘llaniladi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.