Rassomlar – tuyg‘ular tarjimoni

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Xushnuda Abdunabiyeva yaqinda o‘tkazilgan “Nafis san’at sehrlari” tasviriy san’at ko‘rgazmasida 40 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Xushnuda rangtasvir yo‘nalishida ijod qiladi. Shu kunga qadar o‘z ijodiy ishlari bilan bir qator tanlovlarda ishtirok etgan. Jumladan, “Bobur san’atini tasvirlayman” nomli Bobur ijodiga bag‘ishlangan rasmlar tanlovida 1-o‘rinni, “Kamoliddin Behzod izdoshlari” ko‘rik-tanlovida 2-o‘rinni egallagan.
– Rassomchilik va tasviriy san’atga yoshligimdan qiziqaman, - deydi Xushnuda Abdunabiyeva. - Rangtasvir tabiat manzaralarini tasvirlashda eng keng tarqalgan janr hisoblanadi. Unda haqiqiy hayot manzaralari aks etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonlarning hissiyotlari va kayfiyatiga ta’sir eta oladi. Bunda asosiy ta’sirchanlikni beruvchi vosita bu ranglar uyg‘unligidir. Rangtasvirda yaratilgan suratlarda shakl va masofa tasviri, obrazlar va harakatlar, kompozitsiyadagi asosiy tasvirlar yorqin ranglarda aks ettiriladi. Rassomlar har qanday rasmda tabiat va inson xarakterining murakkab va nozik o‘zgarishlarini va kechinmalarini aks ettira olishini inobatga olib, ularni tuyg‘ular tarjimoni deb atash mumkin.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.