Teatr garderobdan, ta’lim darslikdan boshlanadi

Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi dotsenti Zebiniso Umrzoqova universitetning fidoyi o‘qituvchilaridan. Olima 40 yillik faoliyati davomida o‘simliklarning biologik xususiyatlari va introduksiyasi yo‘nalishida bir qator tadqiqotlar olib borgan. Shu kunga qadar 40 ga yaqin darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari chop etilgan. O‘simliklar fiziologiyasi va biologik xususiyatlari bo‘yicha 120 dan ortiq maqolalar muallifi. Shundan 8 tasi Scopus bazasida indekslanadigan jurnallarda nashr qilingan. “O‘simliklar rivojlanish biologiyasi”, “Botanika fanidan amaliy mashg‘ulotlar”, “Ботаника. Систематика низших растений”, “Botanika. O‘simliklar morfologiyasi va anatomiyasi” kabi kitoblari bugun biologiya, biotexnologiya va ekologiya yo‘nalishlaridagi talabalar uchun asosiy darslik sifatida xizmat qilmoqda. Zebiniso Umrzoqova talabalarga “O‘simliklar anatomiyasi va morfologiyasi”, “Tuban va yuksak o‘simliklar sistematikasi”, “O‘simliklar geografiyasi” kabi fanlardan dars berib keladi. Uzoq yillik samarali faoliyati davomida ilmiy tadqiqot bilan bir qatorda ko‘plab shogirdlar yetishtirgan olimaning dorivor o‘simliklar o‘stirish va qayta ishlash texnologiyasi bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari ilmiy jamoatchilikning e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
– Hozirgi kunda talabalar darslarda foydalanadigan darslik va qo‘llanmalarning ko‘pchiligi eskirib, zamon talablariga javob bermaydi, - deydi Zebiniso Umrzoqova. - Shuning uchun fanga oid ma’lumotlarni bayon qilishda eng yangi materiallardan foydalanish, chet tilidagi adabiyotlarni tarjima qilish muhim hisoblanadi. O‘simliklar rivojlanish biologiyasining asosiy maqsadlari talabalarga o‘simliklar hujayrasi va to‘qimalari, vegetativ va generativ organlari, tarqalish sharoitlari, o‘simliklarning hayotiy shakllari, ulardan foydalanish usullarini zamonaviy tadqiqot metodlari asosida o‘rgatishdan iborat bo‘lib, fanni o‘qitish jarayonida yaxshi darsliklarga ehtiyoj bor. Bu borada asosiy adabiyotlarning rus tilida ekanligi talabalar uchun ko‘plab noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi. Shuning uchun botanika yo‘nalishida o‘zbek tilida darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratish orqali bu muammoni hal qilishga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qildim.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.