Samarqand davlat universiteti talabasi Roksana Xudoyorova Fransiyada kumush medalni qo‘lga kiritdi...

Mahoratli yengil atletikachimiz Roksana Xudoyorova Yevropada yana bir xalqaro musobaqada ishtirok etdi. Bu safar vakilamiz Fransiyaning Forbak shahrida tashkil etilgan “Meeting international de Forbach” turnirida shohsupaga ko‘tarildi.
Roksana Xudoyorova bu gal ham o‘zining sevimli uch hatlab sakrash yo‘nalishida qatnashdi. Turnir ochiq havoda o‘tgan bo‘lsa ham, bellashuvlar vaqtida havo haroratining +11 gradusga tushib ketgani atletlar uchun noqulaylik tug‘dirdi.
Natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Tokio-2020 ishtirokchisi Roksana Xudoyorova medallar uchun Olimpiada finalchilari bilan raqobatlashdi. Yakunda 13,42 metr natija bilan hamyurtimiz kumush medalga sazovor bo‘ldi. Gʻoliblik 14,14 metrga sakragan finlyandiyalik Kristina Makelaga nasib etgan bo‘lsa, mezbon Rugi Diallo 13,31 metr bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
“Meeting international de Forbach”, Fransiya
Uch hatlab sakrash, ayollar:
1.Kristina Makela (Finlyandiya) – 14,14
2. Roksana Xudoyorova (O‘zbekiston) – 13,42
3. Rugi Diallo (Fransiya) – 13,31
Bu Xudoyorova uchun so‘nggi besh kun ichidagi uchinchi start bo‘ldi. Avstraliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazgan atletimiz 25 may kuni Gresiyada, 27 may kuni Polshada o‘tgan xalqaro musobaqada beshinchi o‘rin bilan kifoyalangan edi.
Bunday tig‘iz taqvimdagi ishtirokiga vakilamiz quyidagicha izoh berdi:
“Besh kun ichida uchta turli mamlakatlardagi musobaqada qatnashish juda murakkab. Beshta parvozdan so‘ng barqaror natijalar ko‘rsatganimdan ko‘nglim to‘ldi. Deyarli mudroq va horg‘in holatda, murabbiylarsiz bir o‘zim murakkab yo‘lni bosib o‘tdim. Endi yanada katta g‘ayrat bilan keyingi startlarga tayyorlanaman”.