Gulchehra Beshimova: “Haqiqiy ilmiy muhitni, ilmga bo‘lgan intilishni universitetga kelib sezdim”
Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti talabasi Gulchehra Beshimova. Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan “Qizlarjon” sammiti, “A’lo ta’til” loyihasi ishtirokchisi, sammitda sovg‘ali kutubxona taklifini ilgari surgan. Shu asosda dasturi ma’qullanib, Gulchehra sertifikat bilan taqdirlangan. Chet tilidan xalqaro IELTS sertifikatiga ega. Ommaviy axborot vositalarida bir qator she’r va maqolalari chop etilgan. Viloyat miqyosidagi Yosh kitobxon tanlovi ishtirokchisi. BMT vakillari ishtirokida O‘zbekistonda Bolalar ombudsimenti yig‘ilishida qatnashgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan qilgan videomuloqotida Gulchehra Beshimova ham qatnashib, o‘z fikrlarini bildirgan. Bunga javoban, Prezidentimiz "Men, albatta Gulchehraxon qizim, sizni o‘zim nazoratimga olaman" deya javob qaytargan.
- Yurtimizda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar juda ko‘p, - deydi Gulchehra Beshimova. – Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning biz yoshlarga qaratayotgan e’tibori hammamizni quvontiradi. “Hamma bilan teng bo‘lib ta’lim-tarbiya olishingiz, oliygohlarda o‘qib, kasb egallashingiz, uy va ish bilan ta’minlanib, hayotda munosib o‘rin topishingiz uchun imkoniyatlar yaratamiz. Shuni bilinglarki, sizlarning ota-onangiz, vataningiz bor. Davlat sizlarni hech qachon e’tiborsiz qoldirmaydi”, degan so‘zlari buning isbotidir.
Bilasizmi, universitetimizda barcha sharoitlar bor. Faqat to‘g‘ri foydalana olishimiz kerak. Men kutubxonaga kirsam ba’zan o‘tirgani joy topa olmayman. Haqiqiy ilmiy muhitni, ilmga bo‘lgan intilishni universitetga kelib sezdim. Zero, men ishonaman, ilmdan o‘zga najotimiz yo‘q. Biz Prezidentimizga Uchinchi Renessansni qurishda qanot bo‘lishimiz uchun faqat va faqat ilmni tanlashimiz, uni mukammal o‘rganishimiz zarur.
Marrani keng olganman. Har bir maqsadimga erishish uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman. Axir barchamiz yurtimizning ravnaq topishi, uning yuksalishi, tinch va osoyishtaligi uchun xizmat qilishimiz kerak.
Shu o‘rinda, biz yoshlarga barcha sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib, doimo qo‘llab-quvvatlab turganliklari uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Axir qayerda ko‘rdingiz, yoshlarning chet tilini o‘rganishi respublika darajasida o‘tkazilayotgan videoselektorda muhokama qilinishini. Har birimiz o‘z sohamizning ustasi bo‘lishimiz uchun jahon tajribalarini o‘rganishimiz kerak. Bunda bizga chet tillari katta imkoniyat ochadi. Biz hozirdan, ha aynan hozirdan chet tillarini o‘rganishga mas’uliyat bilan kirishishimiz zarur. Chunki, har bir imkoniyat - yangi muvaffaqiyat eshigidir.
Behruz ShAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan surat

