Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistranti Shahlo Tolibova “Chakanda o‘simligining suv almashinuv xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Shahlo Tolibovaning mazkur mavzu bo‘yicha 5 dan ortiq maqolalari xalqaro va respublika nashrlarida chop etilgan. Ilmiy rahbari o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi dotsenti Flora Kabulova.

    – Chakanda to‘qayzorlarda tarqalgan yovvoyi o‘simlik bo‘lib, asosan, nam joylarda, daryo bo‘ylarida o‘sadi - deydi Shahlo Tolibova, - Ayni paytda Qizil Kitobga kiritilgan noyob o‘simlik sifatida milliy qo‘riqxona muhofazasiga olingan. Bu o‘simlik Markaziy Osiyoda, Qirg‘iziston va Tojikistonda keng tarqalgan. Samarqand viloyatida tabiiy chakandazorlar, asosan, Zarafshon daryosi bo‘yida mavjud. O‘simlikning foydali tomonlari ko‘pligini hisobga olib, oxirgi yillarda chakanda plantatsiyalarini ko‘paytirishga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda.

    Chakanda tarkibida ko‘plab foydali vitaminlar va biologik faol moddalar topilgan. Jumladan undagi A provitamini bolalarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chakanda yuqumli infeksion kasalliklarga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishda ham qo‘llaniladi. Shuningdek, uning tarkibida odam qarishini sekinlashtiruvchi, yurak faoliyatini faollashtiruvchi moddalar ham aniqlangan. Chakanda mevasidan chakanda yog‘i olinadi, barglari antibakterial xususiyatga ega, poya po‘stlog‘ida serotonin moddasi bo‘lib, saraton kasalligiga qarshi preparatlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Chakanda ildizida azot o‘zlashtiruvchi tuganak bakteriyalar mavjud bo‘lib, ular tuproqni azotga boyitadi.

    Daryo suvidan noto‘g‘ri foydalanish natijasida grunt suvlarining kamayishi tuproq tarkibida namlikning kamayishiga olib keladi. Namlik yetishmasligi, yuqori harorat va havoning quruqligi chakanda plantatsiyalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu esa chakandaning yo‘qolib borishiga sabab bo‘lmoqda. Uni asrab qolish uchun o‘simlikning suv almashinuv xususiyatlarini o‘rganib, uni joriy muhitga moslashtirish choralarini ko‘rish lozim. Shuning uchun bugungi kunda eng dolzarb muammolardan biri chakandaning o‘sish, rivojlanishini o‘rganish va asosiy e’tibor suv yetishmasligiga sabab bo‘layotgan suv almashinuv ko‘rsatkichlarini o‘rganish muhim masala hisoblanadi. Mazkur tadqiqot ishi  chakanda plantatsiyalarini saqlab qolish, o‘simlikning yo‘qolib ketishining oldini olishda muhim qadam bo‘lishi, shubhasiz.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.