Samarqand davlat universiteti: talabalar turar joylarida qizlar uchun tikuvchilik xonalari  tashkil etildi...

         Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning talabalar bilan uchrashuvida filologiya fakulteti talabasi Noila Fayzullaeva qizlar uchun tikuv xonalari tashkil etish haqidagi taklifni ilgari surgandi. Mazkur tashabbus  rektor tomonidan ijobiy qabul qilindi.

         Bugun 5-sonli talabalar turar joyida ana shunday tikuvchilik xonalaridan biri ochildi. Ushbu tikuvchilik xonasi talaba qizlar uchun qo‘shimcha daromad topish uchun yana bir imkoniyatdir. Shuningdek, ular o‘zlari uchun kerakli tikish ishlarini ham shu yerda bajarishadi.

          SamDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xlieva  talaba-qizlarga boshlayotgan yangi ishlarida omad va zafarlar tiladi. Mazkur tikuvchilik xonasi 5 dona tikuv mashinasi bilan jihozlangan bo‘lib, unda 10 dan ortiq talaba qiz o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritadi. Tikuvchilik xonalarida dastlab, yotoqxonalar uchun choyshablar tikish yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik qo‘shimcha buyurtmalar orqali uning faoliyati kengaytirilishi rejalashtirilgan.

         – Bir necha kun avval, bo‘lib o‘tgan rektor va yoshlar uchrashuvida talaba qizlar uchun tikuv xonalari ochish taklifi bilan rektorimizga murojaat qilgan edim, - deydi filologiya fakulteti talabasi Noila Fayzullaeva. - Mana, qisqa fursat ichida uning amaldagi ifodasini ko‘rib turibman. Shuningdek,  bu yerda tikuvchilikni o‘rganmoqchi bo‘lgan qizlar uchun alohida to‘garak ham tashkil etiladi. Bizning taklif va g‘oyalarimizni tinglab, qo‘llab-quvvatlayotgan rektorimizga rahmat.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.