Muvaffaqiyat sari 5 qadam yoxud tadbirkor talabaning biznes sirlari

Samarqand davlat universiteti talabasi, “Milliy academy” IT dasturlash maktabi asoschisi, yosh tadbirkor Nilufar Omonova bu haqda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi:
Har qanday katta muvaffaqiyat ilk qadamdan boshlanadi. Biznesda yuqori natijalarga erishish insondan kuchli mehnat va tinimsiz izlanishni talab etadi. Ko‘pchilikning nazdida har qanday erishilgan yutuq uzoq yillik tajribaning mahsuli bo‘ladi. Xo‘sh, o‘z shaxsiy biznesini ochish, halol mehnat ortidan daromad ishlab topish uchun inson avval ulg‘ayib, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, muayyan sohada tajriba orttirishi shartmi? Muvaffaqiyatga erishish yo‘li necha qadamdan iborat?
1-qadam – o‘z oldiga maqsad qo‘yish
Kompyuter texnologiyalariga qiziqish menda bolaligimdan boshlangan. Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurganimda otam kompyuter sovg‘a qilgandi. Shundan keyin asta-sekinlik bilan kompyuterni o‘rgana boshladim. Bu borada meni hamisha qo‘llab-quvvatlovchi inson otam bo‘lgan. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan paytlarimda yangi kompyuter olishga sharoit to‘g‘ri kelmay bir muddat eski kompyuterda dars tayyorlashimga to‘g‘ri kelgan. Darslarda zamonaviy dasturlar bilan ishlay olmasligim ko‘p qiyinchilik tug‘dirardi. Otam buni sezgan zahoti menga yangi, eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy kompyuter olib berdi. Keyin bilsam, uyimizdagi bitta-yu bitta sigirni sotib menga yangi kompyuter olgan ekan. Buni eshitgach, uydagilarning oldida o‘zimni aybdor seza boshladim, vijdonim qiynaldi. O‘shanda o‘zimga-o‘zim “Kelgusida yaxshi biznes ochib, oilamga men uchun sarflaganlarini albatta qaytaraman” deb so‘z berganman. Va bu niyatni maqsadga aylantirib, intilishni boshladim.
2-qadam – boshlash
Tinimsiz sa’y-harakatlarimning natijasi o‘laroq 17 yoshimda dasturlash orqali ilk daromadimni ishlab topdim va o‘z o‘quv markazimni ochib, talabalarga IT sohasi bo‘yicha dars bera boshladim. Shundan keyin markazimiz asta-sekinlik bilan kengayib bordi. Dasturiy ta’minot ishlab chiqishga bo‘lgan talabning ortishi hamda dasturlash va axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlar sonining kun sayin oshib borishi natijasida ishlarimiz yurishib ketdi.
3-qadam – qo‘llab-quvvatlash
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan 2021-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatda axborot texnologiyalari va dasturlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarimni bildirdim. Taklifim mazmuni yirik ko‘lamda IT sohasiga ixtisoslashgan o‘quv markazi ochish edi. Bu borada viloyat hokimidan amaliy yordam so‘radim. Shundan so‘ng hokim tashabbusi va ko‘magi bilan bizga shahar hududida foydalanilmayotgan bo‘sh binolardan biri hech qanday ijara shartlarisiz rasmiylashtirib berildi. Yangi tashkil etilgan markazimizga Samarqand viloyati hokimligi tomonidan zamonaviy mebel jihozlari va 20 dona kompyuter sovg‘a qilindi. Dastlab 3 kishidan iborat jamoamiz 10 kishiga kengaydi. 100 dan ortiq talabalarga dasturlash sohasidan saboq bera boshladik.
4-qadam – to‘siqlarni yengib o‘tish
Bu orada bir qancha muammolar paydo bo‘ldi. Binomizni ta’mirlash va markaz faoliyatini kengaytirish uchun katta miqdorda pul mablag‘i kerak edi. Buning uchun kredit so‘rab ko‘plab banklarga murojaat qildim, ammo ularning hech biri menga ishonmadi. O‘zgalarning menga nisbatan ishonchsizligi ruhiyatimga ham salbiy ta’sir qildi. Keyin hamma ishimni yig‘ishtirib, chet elga o‘qishga ketmoqchi bo‘ldim. Xuddi shu paytda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan biznes loyiham uchun foizsiz va garov ta’minotisiz 100 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi haqida xabar keldi. Ushbu sarmoyani o‘quv markaz binosini ta’mirlash va yangi filial ochishga sarfladim. Hozirda markazimizda 10 dan ortiq malakali dasturchi, ular qatorida o‘zim ham 100 dan ortiq talabalarga dasturiy ta’minot ishlab chiqish va IT dasturlari bo‘yicha saboq berib kelyapmiz. Shu bilan bir qatorda hamkasblarim bilan tayanch harakat tizimida nuqsoni borlar uchun harakatlanishni ta’minlovchi uskuna ishlab chiqmoqdamiz. Qo‘l, oyoq, gavda harakatlanish tizimida nogironligi bo‘lgan bemorlar uning yordamida bemalol harakatlanishi mumkin. Ushbu uskunani mamlakatimiz hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish jarayonida o‘rtacha 25 ta ish o‘rni yaratiladi.
5-qadam – mukammal o‘ylangan reja
Kelgusida kiberxavfsizlik va sun’iy intellektga ixtisoslashgan markaz tashkil etish rejamizda bor. Har yili “Milliy academy ” bitiruvchilari orasidan eng bilimli, mahoratli talabalarni tanlab olib, ularni malaka oshirish uchun chet elga yuboramiz. Ular xorijda tajriba o‘rganib qaytgach ushbu yangi markazda faoliyat boshlaydi. Bu yerda xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlikda sun’iy miya yaratish ishlarini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu sun’iy miya bosh miya falaji kasalligiga chalingan bemorlarning miyasiga o‘rnatiladi. Uskuna miyadagi falaj hujayralar faoliyatini tiklab, uning risoladagiday faoliyat yuritishini ta’minlab beradi. Ushbu tadqiqot dunyoning ayrim mamlakatlarida sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa ham hali amaliyotga joriy qilinmagan. Biz uni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shuningdek, kelgusi 5 yil ichida ta’lim klasteri asosida faoliyat olib boradigan, IT sohasiga ixtisoslashgan bog‘cha - maktab - universitet ta’lim klasterini tashkil qilmoqchimiz.
Biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarga tavsiyalarim:
- Har bir yo‘l qo‘yilgan xato ustida ishlash;
- Asosiy ko‘nikmalarni puxta egallash;
- Muammoli vaziyatlarga nisbatan pozitiv yondashish;
- Izlanuvchanlik va kerakli ma’lumotlardan unumli foydalana olish.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.