Hayot falsafasini o‘qiysiz, bunda...
Kuni kecha “Zamin nashr” nashriyoti tomonidan «Tafakkurning 64 nuqtasi» nomli kitob chop etildi. Bu shaxmatning chinakam ixlosmandlari uchun bahoriy sovg‘a, ko‘klam tuhfasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Keyingi paytda O‘zbekistondan yorqin shaxmat yulduzlari, jahon chempionlari, yetishib chiqayotgani bejizga emas. Yurtdoshlarimizning dunyo shaxmat olamini qayta-qayta larzaga solayotgani ham tasodif, deb bo‘lmaydi. Zotan, Hindiston, Xitoy kabi davlatlar qatorida O‘zbekiston shaxmat vatani degan sharafli nomga bemalol daʼvogarlik qila oladi. Afrosiyobda olib borilgan qazishma davomida fil suyagidan yasalgan shaxmat haykalchalarining to‘liq to‘plamiga duch kelingani, qadimiy Dalvarzintepa hududida Kushon imperiyasi davriga oid ikkita noyob shaxmat haykalchasi topilgani zaminimizda shohmot o‘yini eramizdan oldingi asrlarda ham o‘ta mashhur bo‘lganini tasdiqlaydi.
Darhaqiqat, ajdodlarimiz tomonidan «aql charxi» sifatida qaralgan ushbu o‘yin zaminimizda qadim-qadimdan keng quloch yoygan. Harb ilmi va shatranjda tengsiz bo‘lgan Sohibqiron odatdagi shaxmatning qonun-qoidalarini isloh qilib, hatto murakkab shaxmat turini yaratgan. Unga «Shatranji komil» deb nom bergani tarixdan maʼlum.
Prezidentimizning 2021 yil 14 yanvardagi «Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori o‘zbek shaxmati rivojida yangi to‘lqinga asos soldi.
Shaxmat fidoyilaridan iborat mualliflar guruhi — iqtisod fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, senator Murtazo Rahmatov, “Karshi open” xalqaro shaxmat turniri asoschisi, Janubiy Rossiya universiteti faxriy professori Anvar Shukurov, Rim (Italiya) universiteti faxriy professori, biologiya fanlari doktori, akademik Bakriddin Zaripov yangi asarda shaxmatning tarixi va buguni, uning inson kamoloti, yoshlar tarbiyasidagi bebaho roli haqida hikoya qilishadi.
— Aslida, shaxmat haqida so‘z aytish oson ish emas, — deydi senator Murtazo Rahmatov. — Zero, shaxmat – ilm, shaxmat – sanʼat, shaxmat – sport. O‘zida ushbu uch jihatni o‘zida mujassam etgan shaxmat asrlar davomida insonni ezgulikka chorlovchi mashg‘ulot sifatida alohida qadrlanadi. Shu bois biz shaxmatning odam olamni anglashidagi beqiyos hissasini ochib berishga harakat qildik. U keng kitobxonlar ommasi, barcha shaxmat ixlosmandlari uchun naf keltiradi, degan umiddamiz.
Shaxmat olami – o‘ziga xos dunyo. Bu olam bir vaqtning o‘zida barchaniki hamdir. Unga yoshi, imkoniyati, hatto manzil-makonidan qatʼi nazar hamma birdek sayyor qilishi, tafakkur olamini boyitishi mumkin. Shundan bo‘lsa kerak, ushbu sport turi odamlarni ohanrabodek jalb etib kelyapti.
— Shaxmat g‘irromlikni ko‘tarmaydi. Shaxmat faqat va faqat aqlga ishonishni o‘rgatadi, — deydi tadbirkor Anvar Shukurov. — 64 katakdan iborat shaxmat taxtasi atrofida o‘tirganlarga, birinchi navbatda, halollikni, adolatni tarbiyalashini taʼkidlashni istar edik. Shu asosda tarbiyalangan boladan biz kutgan avlod – uchinchi Renessans bunyodkorlari chiqadi. Binobarin, bu kitobda siz hayot falsafasini o‘qiysiz, ilm va tafakkurni charxlaysiz.
«Tafakkurning 64 nuqtasi»da ilgari surilgan ezgu g‘oyalardan yana biri vaqtni qadriga yetib, uning har lahzasidan unumli foydalanishdir. Mualliflar eʼtirof etishicha, «aql gimnastikasi» bu borada eng yaxshi ustozdir.
— Eng ommaviy sport turi haqida gap ketsa, ayrimlar «Millionlar o‘yini futbol, deyishi mumkin. Biroq adashishadi. Eng ommalashgan sport turi shaxmatdir, — deydi akademik Bakriddin Zaripov. — Shaxmatning nafaqat futbol, balki boshqa sport turlaridan farqli tomoni shundaki, yoshi, jismoniy imkoniyatidan qatʼi nazar istagan kishi bemalol dona sura oladi. Qolaversa, buning uchun alohida sharoit-sharoit talab etilmaydi. 64 katakli shaxmat taxtasi va donalari bo‘lsa, kifoya. Shuning uchun bugun «aql gimnastikasi» bilan shug‘ullanish odamlarning kundalik hayot tarzining ajralmas qismiga aylangan.
Kitobxonlar eʼtiboriga taqdim etilgan «Tafakkurning 64 nuqtasi» kitobi shaxmat ishqibozlari uchun eng kerakli va muhim qo‘llanmalardan biriga aylanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ushbu kitob «Xalq so‘zi» va «Народное слово» gazetalari tahririyati bilan hamkorlikda nashr etilgan.
Manbaa: «Xalq so‘zi».

