Qo‘shrabotda Samarqand davlat universiteti bog‘i   yaratildi...

    Nimaga aynan Qo‘shrabotda? Bu hududda suv tanqisligi, ekilgan niholni ko‘kartirish mashaqqatligi barchaga maʼlumku. Lekin Samarqand davlat universiteti mutasaddilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bog‘ barpo etish uchun Qo‘shrabot tumanini tanladi.

    Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi:

    -Ko‘chat ekayotgan inson hayotni sevishiga, farzandu nabiralarini yaxshi ko‘rishiga ishonaman. Bundan ham muhimi ko‘chat qadayotgan odam eng avvalo, Vatanini sevadi. Uning go‘zal tabiatini qadrlaydi.

    Prezidentimiz nima uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasini eʼlon qildi? Buning bosh sababi u kishi hammadan ham ko‘proq Vatanini, xalqini yaxshi ko‘radi. Ularni salomat bo‘lishini istaydi. Inson sog‘lom bo‘lishi uchun avvalo, tabiat sog‘lom, havo musaffo bo‘lishi kerak. Buning uchun yetti yoshdan yetmish yoshgacha hammada ekologik madaniyat shakllanishi, farzandlarimizga oila va taʼlim dargohlarida ekologik tarbiya berilishi shart va zarur.  

    Biz kamida yarim asr davomida tabiatni savodsizlarcha, yovuzlarcha, o‘zimiz istagancha idora etdik. Unga tuzalmas jarohatlar yetkazdik. Tabiatda uchraydigan juda ko‘plab noyob, shifobaxsh giyohlarni, dov-daraxtlarni yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘ldik. Daraxt ekishni emas, daraxt kesishni odatga aylantirdik. Lekin tabiat ham ko‘p kuttirmasdan o‘z hukmini o‘qidi. Ofat keltiradigan shamollar, mislsiz isishlar, ketma-ket takrorlanayotgan qurg‘oqchiliklar, iqlim o‘zgarishlari insoniyatni o‘ylashga, xatolarini takrorlamaslikka, ona tabiatni asrashga undamoqda.         

    Qo‘shrabot tumanida  biz bog‘ yaratish loyihamizni izchil davom ettiramiz. Prezidentimizning “Yashil makon” g‘oyasi eng chekka tuman va qishloqlargacha yetib borishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Nafaqat Qo‘shrabot balki Nurobod, Kattaqo‘rg‘on va boshqa tumanlarda ham Samarqand davlat universiteti bog‘lari paydo bo‘ladi. Prezidentimiz ilgari surgan loyihada universitetimiz professor-o‘qituvchilari, talabalari faol ishtirok etadi.

    Bu ishtirok avvalo, aholi o‘rtasida ekologik savodxonlikni  shakllantirish, tabiatga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otish kabilarni o‘z ichiga oladi. SamDU olimlari tomonidan “Yashil makon” loyihasi yuzasidan taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga olgan qo‘llanma tayyorlashga kirishildi.  Shuningdek, Samarqand viloyatining tabiiy-jug‘rofiy sharoitidan kelib chiqib, qayerda qanday ko‘chatlar o‘tqazish, ularning parvarishi bo‘yicha ham aniq ilmiy xulosalar, takliflar berishga, chop etishga, targ‘ibot ishlariga alohida eʼtibor qaratmoqchimiz. 

    Qo‘shrabot tumani O‘rozmat va Qoratosh qishloqlari yo‘lining ikki tarafida  “Yashil makon” umummilliy dastur doirasida “Samarqand davlat universiteti bog‘i” yaratildi. Ayni paytda uzunligi 1 kilometr, umumiy maydoni 4 gektarni tashkil etgan hududda amaliy ishlar nihoyasiga yetkazilmoqda. Ikki kun davomida universitet bog‘iga jami 1 500 tup o‘rik  ko‘chati ekildi.

    Toshpo‘lot Rajabov, SamDU agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani, dotsent:

    - Qo‘shrabot tumanining tog‘lari poyida Samarqand davlat universiteti bog‘ining yaratilishi nafaqat ekologik muammolarni, balki mazkur hududda oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini ham hal qilishga yordam beradi. Bir kilometr masofaga ekilayotgan mevali bog‘imizda sinovdan o‘tgan, “Yubiley Navoiy” o‘rik navi ekilmoqda. Qo‘shrabot tumani tuprog‘i, iqlimi ekstremal sharoitlardan hisoblanib, qurg‘oqchilik kuchli bo‘ladi. Ko‘chat ekilgandan so‘ng, ko‘kartirib olish katta muammo.

    Uning yechimini topish maqsadida dunyo tajribasidan o‘tgan Germaniya, Hindiston, Fransiya, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan gidrogellardan foydalanyapmiz. Gidrogelning asosiy vazifasi suvni o‘zida saqlab, qurg‘oqchilik paytida ko‘chatlarga sekinlik bilan namlikni taʼminlashdir. Bu jarayonlarga asosan, doktorant va magistrantlarimizni jalb qilganmiz. Ular bo‘lajak mutaxassis sifatida o‘zlarining amaliy tajribalarini oshirmoqda. Shu bilan birgalikda ko‘chat ekish metodikasini chuqur o‘rganishyapti. Bu bog‘imiz Qo‘shrabotda ilk marotaba yangi, ilmiy-innavotsion yondashuv asosida barpo etilmoqda.

    Himmat Oqbo‘tayev, Qo‘shrabot tumani hokimi:

    - Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi doirasida Samarqand davlat universiteti  tashabbusini barchaga ibrat qilib ko‘rsatmoqchiman. Universitet jamoasi Qo‘shrabotda bog‘ barpo etarkan, deb eshitganimda to‘g‘risi  ishonmadim. Chunki Qo‘shrabotga o‘zi uncha-muncha kelmaydi. Bu yerni sharoitiga chidashni o‘zi bo‘lmaydi. SamDU rektori Rustam Xolmurodov ataylab kelib, bog‘ uchun yer ajratib berishimizni so‘radi. Shundan keyin maqsad jiddiy ekanini bildim. Hozirgi bog‘ ekilayotgan hudud Samarqand shahridan deyarli 150 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qolaversa, suv va sug‘orish juda qiyin muammo. Shunga qaramasdan Samarqand davlat universiteti olimlari juda katta savobli ishga qo‘l urishdi.  Biz bundan juda xursandmiz. Domlalarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Butun qo‘shrabotliklar nomidan minnatdorlik bildirmoqchiman… 

    Bolqiboy Shukurov, Qo‘shrabot tumani “Yangiobod” mahallasi raisi:

    - Bugun mahallamiz uchun quvonchli kun. Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan mahallamizdan o‘tgan  asosiy yo‘lning ikki tomoniga 1 500 dan ziyod o‘rik daraxti ko‘chatlari ekildi. Ular bir vaqtning o‘zida to‘rt-besh xil tajribalar asosida ko‘chat o‘tqazayotganligi meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Biz bugungacha odatiy anʼanalarga ko‘ra bog‘dorchilik ishlarini amalga oshirar edik. Bizdagi iqlim sharoiti hech kimga sir emas, natijasi ham o‘ziga yarasha bo‘lardi. Endilikda shu iqlim sharoitida bizda katta bog‘ yaratilishi kutilmoqda. O‘ylaymanki, bu bog‘da farzandlarimiz, qishloqdoshlarimiz, qolaversa, yo‘lovchilar mevalardan bahramand bo‘lishadi. Issiq kunlarda esa yaxshigina dam olish maskani bo‘ladi. Bundan tashqari Samarqand davlat universiteti olimlari jahon tajribasi asosida ekayotgan ko‘chat sirlarini mahalliy aholi bilan baham ko‘rayotgani alohida eʼtirofga loyiq. Bu bizning kelgusidagi dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimizda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

    Abdusattor Boboyorov, Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti dekani, dotsent:

    - Men nafaqat Samarqand davlat universiteti vakili, balki Qo‘shrabot tumani farzandiman. Bu yerdagi muhitni, sharoitlarni juda yaxshi bilaman. Tumanimizda  oddiy bir niholni ko‘kartirishning o‘zi qiyin masala.  Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov rahbarligida bir qator olimlar nazariya va amaliyotni birlashtirgan holda bog‘ yaratishga kirishdi. Kelajakda bu bog‘ ajib bir mevazorga, saylgohga aylanishiga ishonchim komil. Prezidentimiz tashabbusini eng uzoq qishloqlargacha yetib kelishi quvonarli albatta. Qo‘shrabot xalqi juda xursand bo‘ldi...

 

Barchinoy HAMIDULLAYEVA yozib oldi.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.