Samarqand davlat universiteti talabalari

2021-2022 o‘quv yili uchun Prezident va Davlat stipendiyalari sovrindori bo‘ldi...
Vohid Lafasov, Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti talabasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendianti:
- “Qovunning shifobaxsh xususiyatlari va agrotexnologiyasining ayrim jihatlari” mavzusida, professor Akmal Sanaqulov ilmiy rahbarligida tadqiqot olib bormoqdaman.
Bugungi kungacha ilmiy tadqiqotlarim natijasi sifatida 5 dan ortiq xalqaro, 10 dan ziyod respublika miqyosida maqolalarim eʼlon qilindi. Bunda domlalarim ko‘rsatgan yo‘l va bergan maslahatlarining o‘rni beqiyosdir. Ingliz tilini o‘rganishimda ustozim Toshpo‘lot Rajabovning “Jahonga yo‘l chet tillarini o‘rganishdan boshlanadi...” degan fikri turtki bo‘lgan. Hozir ingliz tilida erkin so‘zlasha olaman. Vengriyada magistraturada o‘qimoqchiman. Men bugungacha ko‘plab tanlovlarda ishtirok etdim. O‘tgan yili “Yil talabasi-2021”ga hujjat topshirgandim. Lekin g‘oliblik nasib etmadi. Olg‘a yurishda davom etdim, to‘xtamadim. Bugun Prezident stipendianti sharafli nomga loyiq ko‘rildim.
Iroda Bekmurodova, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi:
- Ilmiy maqolalarim Hindiston, Qozog‘iston Rossiya kabi davlatlarning nufuzli jurnallarida eʼlon qilingan. Talabalar assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro insholar tanlovi g‘olibi bo‘ldim. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari qatnashchisiman. 2021-yilda bir qator respublika konferensiyalarida va Rossiyada o‘tkazilgan “Innovative achievments in science” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdim. Ilmiy rahbarim o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Orzubonu Yusupova. Bugungi kungacha yigirmaga yaqin hikoyalarim chop etilgan. Qolaversa, o‘tgan yili yosh nosir va shoirlar reytingi so‘rovnomasida bir qator mashhur yozuvchilar tomonidan eʼtirof etildim.
Davlatjon Kamoliddinov, Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabasi, Ulug‘bek nomli davlat stipendiya sohibi:
- 2019-yilda Qori Niyoziy nomidagi matematika fan olimpiadasida 1-o‘rinni, xuddi shu yili Respublika fan olimpiadasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Xalqaro va respublika miqyosida o‘nga yaqin ilmiy maqolalarim chop etildi. Xususan, Amerikaning nufuzli “Academicia an International Multidisciplinary Research Journal”, Rossiyaning “Nauka i innovatsii-sovremenniye konsepsii” jurnallarida bir qator maqolalarim nashrdan chiqdi. Hozirda “Qoldiqlar nazariyasi va uning tatbiqlari” mavzusida ilmiy ish olib bormoqdaman. Ilmiy rahbarim dotsent G‘ofurjon Hasanov. Samarqand davlat universiteti iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Mathematical Olympiad Group” to‘garagi rahbari sifatida foaliyat yurityapman. Endilikda xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqchiman.