Mamlakatizmiz oliy taʼlim dargohlarida bir oy davomida professor-o‘qituvchilar talabalarga belgilangan tartibda dars mashg‘ulotlarini masofaviy tarzda olib bordi. Oliy va o’rta maxsus taʼlim vazirligi o‘quv yurtlaridagi taʼlim jarayonlarini 7-24-fevral oralig‘ida bosqichma-bosqich anʼanaviy shaklga o‘tkazilishini maʼlum qildi. 

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida ham 7-fevral sanasidan boshlab, anʼanaviy taʼlimga qaytish jarayonlari boshlandi. Shu munosabat bilan universitetda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda anʼanaviy o‘qishlar boshlandi.

    - Vaziyatdan kelib chiqib bir oy masofaviy tarzda darslar bo‘lib o‘tdi - deydi Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti talabasi Gulchehra Beshimova.     – Shu muddat mobaynida onlayn platformalarda dars mashg‘ulotlarini olib bordim. Bundan tashqari uyda mustaqil tarzda imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rdim. Men o‘zim Navoiy viloyatidanman. Universitet maʼmuriyati bizning o‘qish va yashashimizga befarq emas. Tyutorlarimiz bizni yaxshi kutib olishdi. Birinchi o‘rinda turar-joy muammolarimizni hal qilib berishdi. Biz bundan nihoyatda xursandmiz…

    Asadbek Abdualimov, Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti talabasi:

    - Men birinchi bosqichda tahsil olaman. To‘rt oy davomida universitet hayotiga endigina moslashganimizda masofaviy taʼlim boshlandi. Noiloj bunga ham ko‘nikdik. Lekin, men uchun anʼanaviy taʼlim maʼqulroq. Mana bugun anʼanaviy taʼlimga qaytdik, menda turar joy bilan bog‘liq muammo bor edi. Shu masalani tyutorim Shavkat Teshayevga aytgan edim, bir pasda SamDU talabalarning turar joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limga murojaat qilib, ijarada yashashim uchun uy topib berishdi. Joylashib ham oldim. Eng asosiysi, turar joyim fakultetimizdan uzoqda emas. Qolaversa, ijara uyning barcha sharoitlari bor va arzon narxda…

    Musurmon Hotamov, Samarqand davlat universiteti talabalarning turar-joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limi xodimi:

    - Samarqand davlat universitetida sakkiz yarim mingga yaqin talabaning turar joyga ehtiyoji bor. Mana onlayn darsdan anʼanaviy taʼlim shakliga ham qaytildi. Bir yarim ming nafar o‘g‘il-qizni talabalar turar joyiga, uch yarim mingga yaqin talabalarni ijaraga joylashtirishga muvaffaq bo‘ldik. To‘rt mingdan ziyodroq talabamiz esa, qarindoshinikida yashaydi. Bularning barchasi nazoratga olingan. Hozircha 95 foiz talabamiz turar-joy bilan to‘liq taʼminlandi va bu jarayon davom etmoqda.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar