O‘quv jarayonlari 2022-yil 7-fevraldan anʼanaviy shaklga o‘tkaziladi
Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi
“So‘nggi kunlarda yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati kamayayotgani kuzatilmoqda.
Kasallikning tarqalganlik darajasi 0,8 ni tashkil etmoqda (JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 1,0 gacha bo‘lsa vaziyat barqarorligini anglatadi).
Shuningdek, statsionardan chiqarilayotganlar sonining statsionarga yotqizilayotganlar soniga nisbatan hamda karantindan chiqarilayotganlar sonining karantinga olinayotganlar soniga nisbatan ham ijobiy tomonga siljish kuzatilmoqda.
Kasallikning yuqtirib olish manbai 35-43 % holatda kasallangan oila aʼzosi yoki qarindoshlari, 6-7 % holatda bemor ko‘shnilari, 10-12 % holatda jamoat joylaridagi muloqot va 4-5 % holatda ish joyidagi muloqot ekani aniqlanmoqda.
Tahlillariga ko‘ra, bog‘cha yoshidagi (3-6 yosh) bolalar o‘rtasida kasallanish, uy qaramog‘idagi shu yoshdagi bolalarga nisbatan (3-3,5 marta) kam uchramoqda.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ushbu jihatlar inobatga olinib, bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2022-yil 7-fevraldan boshlab umumtaʼlim maktablari, professional, kasb-hunar taʼlim va oliy taʼlim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarida o‘quv jarayoni anʼanaviy shaklga o‘tkaziladi.
Bunda, barcha taʼlim tashkilotlarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish va antiseptik vositalardan muntazam foydalanish talab etiladi”.

