Samarqand-Turkiya oliy o‘quv yurtlari rektorlarining davra suhbati bo‘lib o‘tdi
https://uza.uz/uz/posts/turkiya-oliy-oquv-yurtlari-rektorlari-samarqandda_340810
Samarqandda O‘zbekiston-Turkiya oliy taʼlim muassasalari rektorlarining davra suhbati o‘tkazildi. Unda Turkiya Oliy taʼlim kengashining raisi boshchiligida 10 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari rektorlari hamda Samarqand viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirok etdi. Tadbir samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Davra suhbatini Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov kirish so‘zi bilan ochdi. Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, professor Rustam Xolmurodov Turkiya delegatsiyasiga mazkur tashrif uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari uchun hamkorlikning yangi davri boshlanayotganini taʼkidladi.

Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi Erol O‘zvar: "- Ota makonimizdagi o‘zgarishlar bizni quvontirmoqda. O‘ylaymanki, biz ham bunda yelkadosh bo‘lib, hamkorlikda ish olib borishimiz kerak. Jamiyatdagi asosiy masalalar universitetlarga borib taqaladi. Bu ko‘plab jabhalarda namoyon bo‘ladi. Ularning birinchisi inson resurslaridir. Bu oliy taʼlim muassasalariga katta masʼuliyat yuklaydi.
Samarqand davlat universiteti alohida eʼtiborga molik. Universitet Turkiyaning yetakchi Istanbul, Anqara, Egey, Marmara universitetlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Samarqand davlat universitetining nihoyatda salohiyatli va nufuzli ekanligi guvohi bo‘ldim. Universitet rektori, janob Rustam Xolmurodov bilan suhbatlashdik. Talabalar va o‘qituvchilar tajriba almashinuvini yana-da yaxshi yo‘lga qo‘yishni kelishib oldik. Ishonamanki, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorligimiz yana-da mustahkamlanadi”.
O‘zbekiston va Turkiya oliy taʼlim muassasalari rektorlari o‘zaro suhbatlarda ikki taraflama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda qo‘shma taʼlim dasturlari tashkil etish, birgalikda turli sohalar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish yuzasidan kelishib oldilar.

“ – Qadimiy Samarqand shahriga yana bir bor kelganimdan xursandman. Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalarimiz mavjudligi sababli men ushbu shaharda avval ham bo‘lganman, - deydi Istanbul universiteti rektori, professor Mahmud AK. - Samarqand va Istanbul universitetlari hamkorligi Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchilar davriga borib taqaladi. Sentyabr oyida Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tantanalarida ishtirok etgandim. Ikki universitetning bunday yaqin munosabatlarni o‘rnatishida tashabbus ko‘rsatayotgan Samarqand davlat universiteti rektori, muhtaram Rustam Xolmurodovga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu galgi tashrifimizdan maqsad birdamligimizni yana-da kengaytirishdir. Shuningdek, Turkiya oliy taʼlim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi katta hayʼat bilan keldik. O‘zbekistonda o‘zbek-turk universiteti tashkil qilinish arafasida. Bu muassasa tashkil qilingach o‘zbek va turk universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yana-da mustahkamlanadi. Biz O‘zbekistonni va Samarqandni juda yaxshi ko‘ramiz!”
Otabek Saʼdullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.

