Aholi turmush-tarzini yanada farovon va mazmunli qilish yo‘lida
Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigidagi g‘oyalar xalqimiz hayotini yanada farovon va mazmunli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Insoniyat 2021-yilni kuzatib, 2022-yilni kutib oldi. Xalqimizda bunday paytda o‘tgan yilni sarhisob qilish, yangi yil rejalarini tuzish an’anasi bor.
Yangi yil kirishiga sanoqli daqiqalar qolganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqimizni tabriklashi yurtdoshlarimizga o‘zgacha kayfiyat, ruhiyat, kuch-quvvat, ishonch va umid bag‘ishlaydi.
Prezidentimiz tabrigini tinglayotgan har bir inson mazkur qutlovda o‘zi, oilasi haqida fikr yuritilayotganligini, g‘amxo‘rlik qilinayotganligini teran anglaydi. Qalbida mana shu Vatanga kerakligini tushunib yetadi. Inson o‘zi yashayotgan mahalla, qishloq, tuman, shahar, viloyatda nima o‘zgarishlar yuz berishidan xabardor bo‘ladi. Insonni yangi yilda qanday yangilanishlar, yuksalishlar, bunyodkorliklar kutib turganligini yurak-yuragidan his etadi, anglaydi, chuqur tahlil qiladi. Ayniqsa, bu ishonchni unga davlat rahbari berayotganligi mazkur tuyg‘ular qadr-qimmatini yanada oshiradi.
Xalqimiz o‘z navbatida, yangi yilning qanday nomlanishiga ham alohida e’tibor qaratadi.
Prezidentimiz 2022-yilga “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nom berishni taklif etdi. “Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir”. Yangi yilimizning nomlanishini butun mazmun-mohiyati mana shu birgina jumlada o‘z ifodasini topgan.
Ha, bugun O‘zbekiston hayotning qaysidir kichik muammolari haqida o‘ylaydigan mamlakat emas. 2016-yildan boshlab, to 2021-yilgacha inson uchun zarur bo‘lgan juda ko‘p muammolar hal etildi. Juda ko‘p masalalarga yechim topildi.
Bu yo‘l, elektr energiyasi, uy-joy bo‘ladimi, tibbiyot yoki oliy ta’lim bo‘ladimi, qishloq xo‘jaligi yoki qishloq infrastrukturasi bo‘ladimi, mahalla tizimi, ayollar, yoshlar muammosi bo‘ladimi, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘ladimi? Insof bilan aytganda, bu kabi muammolar allaqachon bartaraf etildi va O‘zbekiston rahbariyati bugun insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashday eng oliy maqsad va vazifalar borasida ulkan islohotlar, amaliy ishlarni yanada kengaytirish, rivojlantirish haqida fikr yuritmoqda.
Prezidentimizning tabrigida, inson qadrini ulug‘lash borasida, alohida e’tibor qaratilayotgan masalalardan biri iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishdir.
Aholi bandligini ta’minlash bu aslida kambag‘allikka barham berishning eng to‘g‘ri va oqilona yo‘lidir. Ish o‘rinlari yaratish oila mustahkamligining asosidir. Ish o‘rinlari yaratish mehnat migrasiyasini kamaytirishdir. Ish o‘rinlari yaratish turmush darajasini oshirishdir...
Aholi bandligini ta’minlash naqadar muhimligi haqida yana uzoq fikr yuritsa bo‘ladi. O‘zbekistonda 2022-yilda juda katta gigant korxonalar ishga tushirilishi belgilangan. Afsus bilan aytish kerakki, 25 yilda to‘plangan muammolarni qisqa bir davrda yechish imkoniyati yo‘q. Iqtisodda sanoatlashtirish va xizmatlar ulushini keskin oshirish samarali strategik yo‘nalishga aylanmokdagi, bu – o‘ta oqilona boshqaruv siyosatining nishonasidir.
Prezidentimiz ish o‘rinlari yaratish barcha darajadagi rahbarlarning e’tibor markazida turishi kerakligini har doim ta’kidlamoqda. Ming afsuski, qo‘shni mamlakatlarga borib ishlayotganlarning haq-huquqlari poymol etilmoqda. Ularning xavfsizligi, salomatligi to‘liq kafolatlanmagan holatlar ham bor. Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash borasida butunlay yangi tizim yaratildi. Bu boradagi ishlar hali-hamon davom etmoqda.
Tabrikda aholi daromadlarini ko‘paytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlar 2022-yilda ham izchil davom ettirilishi alohida ta’kidlangan.
To‘g‘risini aytganda, bu borada 2016-yildan boshlab, juda katta ishlar qilindi. Oylik maoshlar uzluksiz oshirib borildi va bu jarayonlar to‘xtagani yo‘q.
Oliy ta’lim tizimida muayyan tajribaga ega bo‘lgan inson sifatida shuni ayta olamanki, birgina professor-o‘qituvchilar oyligining bir necha barobar oshirilganligi, qator rag‘batlantiruvchi ustamalarning joriy qilinishi tizimning akademik faolligini ta’minlash asosi bo‘lmoqda. Munosabat, e’tibor o‘zgardi. Oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy, moliyaviy imkoniyatlari ortdi. Yangi yil arafasida OTM larning akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqilligini ta’minlash yuzasidan qarorlarning qabul qilinganligi, mubolag‘asiz ta’lim islohotlari taqdiri uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Oylik va maoshlar aholi turmush darajasini yuksaltirishning asosiy manbasi ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu borada O‘zbekiston rahbariyati olib borayotgan siyosat naqadar to‘g‘riligiga iqror bo‘lamiz.
Prezidentimiz tabrikda aholi uchun eng muhim bo‘lgan ijtimoiy sohalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslarni jalb etish kerakligiga alohida ahamiyat qaratdi. Tan olishimiz kerakki, mazkur sohalar ham yaqin tariximizda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Bugun ahvol butunlay o‘zgargan, o‘nglangan. Lekin bu yetarli emas. Prezidentimiz bundan-da yaxshi bo‘lishi kerakligini odamlar o‘z salomatligi, farzandlari ta’lim-tarbiyasi borasida hech qanday to‘siqqa duch kelmasligi kerakligini muntazam talab qilib kelmoqda.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ilm-fan rivojini shartli ravishda 2 davrga ajratish zarur. Birinchi davr 1991-2016 - yillarni o‘z ichiga olsa, ikkinchi davr 2016-2021- yillarni o‘z ichiga oladi. Ilm-fan rivoji yo‘lida davlatimiz rahbari ilgari surayotgan g‘oyalarni fikrlarni ko‘rib, o‘qib, eshitib hayratlanaman. To‘g‘risi, ba’zida quloqlarimga ishonmayman. Hech qachon olim bugungi kundagidek ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan bu darajada qo‘llab-quvvatlanmagan. O‘zbekiston ilm fani yaqin tariximizda butun dunyo ilm-fanidan ajralib, yakkalanib qoldi. Bu o‘z-o‘zidan turg‘unlikka olib keldi. Olimlarni xalqaro miqyosdagi aloqalari butunlay yo‘qoldi. Qanchadan qancha ilmiy tekshirish institutlari yopildi, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlar ishsiz qoldi....
Demak, 2022 - yilda ham ilm-fan rivoji yo‘lida juda katta yangilanish va o‘zgarishlar yuz beradi. Xudo xohlasa bu jarayonlarda biz olimlar ham faol ishtirok etamiz, O‘zbekiston ilm-fanini butun dunyo bo‘ylab namoyon etishga munosib hissamizni qo‘shamiz.
2022 yilda ham urush va mehnat faxriylarini, ayollarimiz hamda yoshlarimizni ko‘makka muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davom etadi.
Avlodlar hamjihatligini ta’minlash, keksalarimiz hayot tajribasi bilan yoshlar kuch-qudratini uyg‘unlashtirish, ayolni, onani e’zozlash, uning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish borasidagi O‘zbekiston yo‘li bugun juda ko‘p mamlakatlarga o‘rnak qilib ko‘rsatilmoqda. Xalqaro ekspertlar bu boradagi O‘zbekiston rahbariyati olib borayotgan siyosatni alohida e’tirof etishmoqda. Jamiyatda mehr-oqibat tamoyilini yanada barqarorlashtirish, o‘zaro hamjihatlikka, bir-biriga ko‘maklashishga erishish borasida ham juda muhim qadamlar tashlanmoqda.
Mamlakatimizni yanada obod qilish, zamonaviy uy-joylar qurish va O‘zbekistonning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston massivlari” ni barpo qilish haqidagi Prezidentimiz g‘oyasi juda ko‘pchilik tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Azal-azaldan xalqimiz Vatan ichra o‘z vatani, boshpanasi, uyi bo‘lishini orzu qilgan va shunga intilgan. “Yangi O‘zbekiston massivlari”ning qurilishi xalqimizning uy-joyga bo‘lgan doimiy o‘sib borayotgan talabini qondirish yo‘lidagi juda to‘g‘ri, o‘rinli g‘oya, deb o‘ylayman. Oila qurayotgan yoshlarimizni uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash juda-juda muhimdir.
Prezidentimiz tabrigini tinglab turib o‘yladim: hammasi hayotbaxsh, hammasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Hammasi mahallani yanada mavqeini, faolligini oshirishga yo‘naltirilgan. Aslida insonga juda ko‘p narsa kerak emas. Ishi bo‘lsa, ro‘zg‘orini tebratishga maoshi bo‘lsa, salomat bo‘lsa, farzandlari ta’lim-tarbiya olsa, qiynalib qolganda kimdir ko‘maklashsa, g‘amxo‘rlik qilsa va yashash uchun uy-joyi bo‘lsa, yana nima kerak?
Prezidentimizning Yangi yil tabrigidan shunday xulosaga keldimki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘ladi. Buning uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori, professor,
Oliy Majlis Senati a’zosi.

