Yangi yilingiz muborak bo'lsin!
Assalomu-alaykum qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!
Sizlarni kirib kelayotgan yangi 2022-yil bilan tabriklayman.
Avvalo, sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ishlaringizga omad tilayman.
Tarixga aylanayotgan 2021-yilimiz Vatanimiz taqdirida, xalqimiz hayotida yangilanishlar, o‘zgarishlar, yuksalishlar yili bo‘ldi.
Xususan, ushbu yilda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea – Prezident saylovi o‘tkazildi. Muhtaram Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylandi. Xalqimiz ishonchiga, mehriga, hurmatiga sazovor bo‘ldi.
O‘tayotgan yil universitetimiz uchun ham haqiqiy ma’noda samarali va omadli yil bo‘ldi. Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti hamda Kattaqo‘rg‘on filialining ochilishi oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning ulkan natijasidir. Shuningdek, universitetimizga moliyaviy mustaqillik berilganini ham alohida ta’kidlashni istayman.
2021-yilda Samarqand davlat universiteti ilmiy xodimlaridan 11 nafari doktorlik (DsC), 67 nafari falsafa doktori dissertatsiyalarini (PhD) himoya qildi. Olimlarimizning 58 monografiyasi, shundan, 8 monografiya Germaniya, Rossiya va Turkiyada nashr qilingan, 1350 dan ziyod ilmiy maqoladan 816 tasi chet el, 116 tasi Scopus bazasidagi jurnallarda chop etildi. Xalqaro anjumanlar, simpoizumlar o‘tkazildi. O‘nga yaqin chet mamlakatlarning elchilari universitetimizga tashrif buyurdi. Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar tarixda birinchi marta o‘tkazilgan “21 sentabr – Samarqand davlat universiteti kuni” da ishtirok etdi...
Samarqand davlat universitetining 2-kurs talabasi Parvina Samandarova “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Universitetimiz delegatsiyasi Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekistonning o‘tmishi va buguni” xalqaro simpoziumida ishtirok etib, ushbu mamlakatning oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatdi.
Yangi 2022-yil universitetimiz uchun yanada muhim va mas’uliyatli yil bo‘lishiga ishonaman.
Men yangi yilda barchangizga oilaviy baxt, yangi muvaffaqiyat hamda kuch-quvvat tilayman.
Ushbu yil Siz va yaqinlaringiz uchun yangiliklarga boy bo‘lsin. Yaratgan Egam xalqimizni panohida asrasin.
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

