Universitet va “Самаркандский вестник”: hamkorlik istiqbollari
Rus filologiyasi fakultetida “Самаркандский вестник” gazetasi tahririyati xodimlari va muxbirlarining talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Zarafshon” va “Самаркандский вестник” gazetalarining birlashgan tahririyati muharririning o‘rinbosari Anastasiya Pavlenko yaqindagina o‘zining 100 yilligini nishonlagan “Самаркандский вестник” gazetasining faxriy jurnalistlari, doimiy va jamoatchi muxbirlari, gazetaning uzoq yillik tarixi, bu yerda ishlagan taniqli jurnalistlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, talabalar gazeta xodimlarining bugungi izlanishlari, xalq va jamoatchilik e’tiborini tortadigan masalalar yuzasidan materiallar tayyorlash sirlaridan ham voqif bo‘ldilar.
Samarqand davlat universiteti Rus filologiyasi fakulteti viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan gazeta-jurnallar, televideniya va radiostansiyalar uchun malakali kadrlar tayyorlab beruvchi dargohlardan biri sanaladi. Fakultet bitiruvchilarining aksariyati jurnalistika sohasida faoliyat ko‘rsatib kelishlari hech kimga sir emas.
Uchrashuv so‘nggida tahririyat xodimlari tomonidan o‘tkazilgan blis-so‘rovda faol ishtirok etgan talabalar esdalik sovg‘alari bilan, o‘zining 100 yillik to‘yini nishonlayotgan gazeta tahririyati xodimlari esa fakultet ma’muriyatining sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

