O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

  1992-yil 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun yurtimiz tarixidagi buyuk sanalardan biridir.

  Bosh Qomusimiz huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini ta’minlash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, milliy qonunchilik tizimini shakllantirish hamda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan hamda mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligini ta’minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash, Asosiy Qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida:


1. «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishoni ta’sis etilsin.

2. «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonining Nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda «O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.Ismailov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 10 oktabr