Ota-onalar yig‘ilishi

2017 yil 19 oktyabr kuni SamDU Geografiya va ekologiya fakultetida 2-bosqich talabalari ota-onalarining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda universitet rektori prof.R.I.Xalmuradov so‘zga chiqib, 2017 yil bejiz «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinmaganligini ta’kidladi. Prezidentimiz tomonidan davlatimiz rivojiga katta e’tibor qaratilayotganligiga barchamiz guvohmiz, dedi. Jumladan, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohot va imkoniyatlar, sohani rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlarni izohlab o‘tdi. Shuningdek, R. Xalmuradov ilmiy-tadqiqot, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda universitetda olib borilayotgan ishlar hamda talabalarning bilim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida gapirdi. Universitetda zamonaviy talabalar turar joylari, axborot resurs markazlari mavjudligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan ota-onalar davlatimizning yoshlarga doir siyosatidan, Prezident Sh. Mirziyoyev rahbarligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan, farzandlari uchun universitetda yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirdilar.