19-21 dekabr kunlari Samarqand davlat universiteti faollar zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi universitet boshlang‘ich tashkiloti yetakchilari va guruh sardorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
  Tadbirda universitet rektori R.I.Xalmuradov, Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor A. Eshtayev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi universitet boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi H. To‘xtayev, fakultetlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari hamda talabalar ishtirok etdilar.
  Uchrashuvda guruh yetakchilari va sardorlariga diniy ekstremizm, terrorizm hamda korrupsiya singari jamiyatimizga xavf solib turgan xavf-xatarlar va ularning ayanchli oqibatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Adashib yoki bilimsizlik tufayli xalqaro ekstremistik to‘dalarning tuzog‘iga ilingan yoshlarning ayanchli taqdiri, bunday shaxslarning jinoiy harakatlari haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
  Bugungi tahlikali zamonda qora niyatli kuchlar mamlakatimizdagi tinch-osoyishta hayotga raxna solishga urinib ko‘rishlari mumkinligi, shuning uchun talabalar orasida bunday xurujlarga nisbatan mafkuraviy immunitet hosil qilishning naqadar ahamiyatli ekanligi xususida so‘z bordi.
  Yig‘ilishda talabalarni qiziqtirgan savollarga ma’ruzachilar tomonidan keng va atroflicha javoblar qaytarildi.

Ma'naviyat-ma'rifat bo'limi