Hamkorlikning yangi ufqlari

Mamlakatimizda mehmon bo'lib turgan tojikistonlik delegatsiya a'zolaridan bir guruhi Samarqand davlat universitetida bo'lishdi.
Mehmonlarni universitet rektori, professor Rustam Xalmuradov samimiy qutlab, respublikamiz oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan Samarqand davlat universiteti misolida yangilanish va modernizatsiya jarayonlari haqida so'zlab berdi. Ikki davlat o'rtasida tarixan tarkib topgan do'stlik va hamkorlik aloqalarning yana tiklanganidan mamnunligini bildirib, bu munosabatlar nainki xalqlarimiz jipsligiga, balki har ikki yurtning ilmiy-texnikaviy salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishini ta'kidlab o'tdi.
Tojikistonlik mehmonlar ham samimiy qabul uchun Samarqand davlat universiteti ma'muriyatiga o'z minnatdorchiliklarini bildirib, har ikki tomon uchun manfaatli munosabatlarni yo'lga qo'yish istagida ekanliklarini bayon etdilar. Qizg'in va ishchanlik ruhida kechgan muloqotda o'zaro hamkorlikning istiqbollari haqida so'z bordi. Tadbir so'ngida tomonlar bir-birlarini esdalik sovg'alari bilan qutladilar.

