O‘zbek va tojik xalqlari azal-azaldan et va tirnoq, qon-qardosh bo‘lib yashab kelishadi. Ahil qo‘shnichilik an’analari bunda bardavom. Devor darmiyon yashab kelayotgan bu ikki xalq barcha sohalarda bir-biriga yelkadosh, hamkor! Biri biriga ustoz-biri biriga shogird, deb ta’riflashadi ularni. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy munosabatlari shuning yaqqol misolidir.
Bu an’ana hozirda ham munosib tarzda davom ettirib kelinmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari yaqin qo‘shnilarimiz bilan ahil va inoq yashashimiz, muammolarni birgalikda bartaraf etib, yutuqlarni bahamjihat nishonlashimiz uchun imkoniyat yaratganlaridan so‘ng aloqalar ufqi yana-da, kengaydi.
  Samarqandlik bir guruh olimlarning kuni-kecha Tojikiston davlatiga qilgan safari ana shu hamkorlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. SamDUprofessori F. Nabiyev, dotsent R. Yusupov, Sam DAQI katta o‘qituvchisi R. Latipov, “Tojikistonda ijtimoiy ish - mutaxassislik” mavzuida Tojikiston milliy universitetida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda ishtirok etib qaytdilar. Xalqaro anjumanning yalpi majlisida professor F. Nabiyev ma’ruza qildi. Dotsent R. Yusupov hamda R. Latipovlar esa o‘z o‘quv yurtlari haqida tayyorlangan videoroliklarning taqdimot namoyishi, shuningdek “O‘zbekistonda ijtimoiy ish” mavzusida, o‘zbek, tojik va rus tillarida mahorat darslarini o‘tkazdilar. Xalqaro anjumanda Rossiya, Xitoy, Germaniya va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlardan kelgan olimlar ishtirok etishdi.