Samarqand davlat universitetida ma’rifatparvar jadid Said Rizo Alizoda tavalludining 135 yilligi munosabati bilan “Said Rizo Alizoda – muharrir, tarjimon olim va ma’rifatparvar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

    Olimlar, fan va ta’lim vakillari, Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi, Tojikiston, Eron, Pokiston, Ozarbayjon ilm-fan namoyandalari hamda talabalar ishtirok etdi.

    Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan keyin Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov viloyat hokimining tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.

    Konferensiya davomida ma’rifatparvar olimning ilmiy va ijodiy merosi, maorif va tarjimachilik sohasidagi faoliyati haqida bildirilgan fikrlar va olim xotirasini abadiylashtirishga oid takliflar o‘z ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan nafaqat Samarqand va Turkiston o‘lkasida, balki butun Sharqda ma’lumu  mashhur ma’rifatparvar olim, jurnalist va tarjimon Said Rizo Alizoda xotirasiga ehtiromning o‘ziga xos namunasi bo‘ldi.

    -O‘tgan asrning boshlarida ma’rifatparvar bobolarimiz xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, hurlik va erkinlik, ilm egallash va o‘zlikni anglash g‘oyalari asosida o‘ziga xos harakat “jadidchilik” harakati nomi ostida ma’rifiy kurash maydoniga chiqdi, - deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov. -Ularning asosiy maqsadi xalqni jaholat changalidan qutqarish, ilm asosida xalq ongiga erkinlik va ma’rifat g‘oyalarini singdirish edi. Said Rizo Alizoda ana shunday ma’rifatparvarlardan biri.  U butun hayotini millatni taraqqiyot va ma’rifat sari yetaklashga bag‘ishladi. Xalqimizning o‘sha paytdagi holatida yagona najot ilm-ma’rifat yo‘li ekanligini teran anglagan holda yangicha ta’lim usullarini targ‘ib qildi. Shuningdek, uning Samarqand davlat universitetida faoliyat yuritib, talabalarga  arab va fors tillaridan dars berganini alohida ta’kidlash joiz.

    -Bo‘lib o‘tgan anjumanni kuzatar ekanman, go‘yo shu davra ichra bobomning minnatdor ruhi kezib yurganday bo‘ldi, - deydi Said Rizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizoda, - Bundan 20 yil muqaddam xuddi shu zalda Said Rizo Alizoda tavalludining 115 yilligi keng nishonlangan edi. Unda o‘sha vaqtlar viloyatimiz rahbari bo‘lgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham  ishtirok etgan edi. Bugungi anjumanni ko‘rib o‘sha voqealar yodimga tushdi. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay,  bobomning yodi hamon qalblarda mangu yashab kelyapti. Said Rizo Alizoda qoldirgan merosni to‘la-to‘kis o‘rganib chiqish, targ‘ib qilishga juda ko‘p yillar kerak. Ammo bugungi anjuman qisqa fursatda ana shunday sharafli vazifaning muayyan qismini bajara oldi, deb o‘ylayman.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.