IJTIMOIY TARMOQDA EKOLOGIK MA’RIFAT

Global iqlim o‘zgarishlari ro‘y berayotgan, inson faoliyatining atrof-muhitga salbiy ta’sirlari yaqqol sezilayotgan davrda Samarqand davlat universitetining tabiiy fanlar ta’limi yo‘nalishidagi institutlari va fakultetlarida ekologik ma’rifat masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ekologiya va hayot xavfsizligi kafedrasida bu yo‘nalishda ko‘plab ilmiy-amaliy va ta’limiy loyihalarni amalga oshirib kelinmoqda.
Kafedradagi “Yosh ekolog” va “Flamingo” klublari yo‘nalishida quyidagi ishlar tashkil etilgan. Oliy ta’lim muassasalarining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlarida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha maxsus bo‘limlar hamda sahifalar yaratish orqali talabalarga ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha samarali ma’lumot tarqatish, ma’lumotlarni kengaytirish bilan ekologik bilimlarini oshirishga yordam berilmoqda. Bugungi kunda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha seminarlar, davra suhbatlari, treninglar va ma’ruzalar tashkil etib kelinmoqda. Shu jumladan Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi qoshida “Yosh ekolog” to‘garagi va “Flamingo” klubi nomi bilan t.me/zakovatekologiya telegram guruhi shakllantirilgan.
Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida o‘quv yili davomida o‘tkaziladigan tadbirlar ekologik taqvim asosida tayyorlangan. Doimiy ravishda ochiq darslar tashkil etilib, ommaviy axborot vositalari va gazetalarda maqolalar chop etib bormoqdalar.
16-sentyabr - “Butunjahon ozon qatlamini himoya qilish kuni” tadbir Ozon video https://www.youtube.com/shorts/dDAnyKgBYmU ijtimoiy tarmoq orqali fikrlar bayon etildi.
Samarqand davlat universitetida 2-fevral - “Butunjahon suv-botqoq hududlari kuni” munosabati bilan “Daryo va ko‘llarning ekotizim barqarorligidagi ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi. Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Zebiniso Po‘latova ishtirok etdi. Tadbirda talabalar faol qitnashgib, daryo va ko‘llarni, suv-botqoq hududlarni muhofaza qilish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishdi.
Shu bilan birga ekologiya va hayot faoliyati xaxfsizligi kafedrasi qoshidagi “Yosh ekolog” to‘garagi va “Flamingo” klubida mintaqa va mamlakatda mavjud ekologik muammolarni o‘rganish va ularni hal etishga yo‘naltirilgan seminar va davra suhbatlari tashkil etish talabalarda ekologik madaniyatni shakllantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishda muhim o‘rin tutadi. Shunga asosan, kafedrada “Yoshlarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish” mavzusida tadbirlar muntazam tashkillashtirilib kelinmoqda.
Samarqand davlat universiteti va viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan kafedra professor-o‘qituvchilari va boshqarma xodimlari birgalikda ish olib bormoqdalar. Boshqarma tasarrufidagi ob’yektlarda talabalar malakaviy amaliyoti olib boriladi. 5-dekabr kuni kafedra assistenti PhD M.Gʻ. Boratova hamda Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, O‘zbekiston ekologik partiyasi Samarqand viloyat tashkiloti a’zolari bilan birgalikda “Ekologiya va salomatlik” mavzusidagi tadbir o‘tkazildi.
Bundan tashqari milliy va xalqaro miqyosda dolzarb bo‘lgan biologik xilma-xillikning tabiat va jamiyatdagi o‘rnini asoslovchi - “O‘simlik va atrof-muhit”, “Iqlim o‘zgarishi”, “O‘simliklar dunyosiga ekologik omillarning ta’siri”, “O‘simliklarga odam faoliyatining ta’siri”, “O‘simliklarni muhofaza qilish”, “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi” mavzusida qo‘riqxona va milliy tabiat bog‘lariga ekskursiyalarga olib borish bilan talabalarga keng ma’lumotlar berilishi muhim hisoblanadi.
Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston hududidagi ta’sir mexanizmlari, ayniqsa, Zarafshon vodiysi va Samarqand viloyatidagi ekologik muammolarni aniqlash, monitoring qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Magistratura va bakalavriat bosqichidagi talabalar ekologik monitoring, bioindikatsiya, agroekologik moslashuv va suv resurslarini boshqarish mavzularida ilmiy izlanishlarga jalb etilgan.