Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga jalb etish maqsadida Samarqand davlat universitetida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Ushbu “Ochiq eshiklar kuni”da universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Umidullayev, o‘quv bo‘limi bosh mutaxassisi Samad Tolliboyev, universitet marketing va talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Murod Hojiyev, Samarqand shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Zayniddin Nuriddinov hamda shahardagi 84 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarining vakillari ishtirok etdilar.

    Tadbirda Samarqand davlat universitetining Agrobiotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov, yuridik fakulteti dekani Rahmatilla Mirzayev, tarix fakulteti dekani Ro‘ziqul Abriyev, Muhandislik fizikasi instituti direktori Ahmad Absanov va boshqalar maktab bitiruvchilariga universitetning ilmiy salohiyati, xalqaro aloqalari, nufuzi, mavjud laboratoriyalari, tadqiqot imkoniyatlari, abituriyentlar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi imtiyoz va kafolatlar haqida ma’lumot berdilar.

    “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri universitet mas’ullarining o‘quvchilar bilan ochiq muloqoti hamda savol-javoblar bilan yakunlandi.