Samarqand davlat universiteti magistratura bosqichi talabasi Amirjon Salahiddinov 2026-yil 15-fevraldan 11-aprelga qadar Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyati, Dubna shahrida joylashgan dunyoning yetakchi ilmiy markazlaridan biri — Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (JINR)da muvaffaqiyatli ilmiy stajirovka o‘tadi. Mazkur institut yadro fizikasi va fundamental tadqiqotlar sohasida xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega bo‘lib, turli mamlakatlardan yetakchi olimlarni birlashtiradi.

    Stajirovka davomida Amirjon Salahiddinov Samarqand davlat universitetidagi ilmiy rahbari Safarov Akmal Askarovich yo‘naltirishi asosida hamda JINR’da bevosita ilmiy rahbar sifatida faoliyat olib borgan professor Artikov Akram Muzaffarovich boshchiligida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Shuningdek, tadqiqot jarayonida JINR mutaxassislari Vasiliev I.I. va Baranov V.Yu. tomonidan ko‘rsatilgan ilmiy-amaliy yordam ish samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

    Tadqiqotlar yakunida Amirjon Salahiddinov tomonidan “Study of the Effect of Gamma Radiation on the Light Output of the LYSO:Ce Inorganic Scintillation Crystal” mavzusida ilmiy ish bajarildi. Ushbu ish doirasida LYSO:Ce noorganik sintillyatsion kristalining gamma nurlanish ta’sirida yorug‘lik chiqishi xususiyatlari zamonaviy eksperimental usullar asosida chuqur tahlil qilindi.

    Mazkur stajirovka yosh tadqiqotchining xalqaro ilmiy muhitda tajriba orttirishida muhim bosqich bo‘lib, uning kelgusida yadro fizikasi va yuqori texnologiyalar sohasida yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.