Samarqand davlat universitetida Muhandislik fizikasi instituti, filologiya, tarix, matematika, geografiya va ekologiya, intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetlari 2-kursida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
    Ota-onalar farzandlari o‘qiyotgan fakultetlarda bo‘lishdi. O‘quv jarayonlari, laboratoriyalar, kutubxona, muzeylar faoliyati bilan tanishdi. Ma’ruzalar zali, oshxona va yotoqxonalardagi  sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar e’tiboriga havola qilindi. 
    Filmda oddiy oila farzandlarini ta’lim-tarbiya olish orqali yuqori natijalarga erishganligi aks ettirilgan. Mazkur film tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.
    Film namoyishidan so‘ng Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ota-onalar bilan muloqot qilib, chet tillarini o‘rganishning ahamiyati, ota-onaning farzand tarbiyasidagi roli, talabalarga yaratilgan sharoitlar, ularning yutuq va kamchiliklari haqida alohida to‘xtaldi.
    - Men  Samarqand davlat universiteti matematika fakultetida o‘qiganman, - deydi Abdumajid Davirov. – Bugun jonajon universitetimni ko‘rib hayratlandim. Nahotki, shunchalik o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lsa? Biz o‘qigan va hozirgi davrdagi sharoitni taqqoslab bo‘lmaydi. Men bugun ikki karra xursandman. Qizim Adiba Muhandislik fizikasi institutining iqtidorli talabasi, qolaversa, bugun u sabab tashakkurnomaga ega bo‘ldim. Har bir ota-onaga farzandi tufayli rahmat eshitish zavq bag‘ishlaydi. Muhandislik fizikasi instituti faoliyati bilan obdon tanishdim. Biz ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘radigan xorijiy universitetlarning sharoitlaridan qolishmasligiga amin bo‘ldim. Prezidentga rahmat, farzandlarimiz uchun cheksiz imkoniyat yaratib bermoqda. Buni oqlash uchun ham bolalarimiz tinimsiz mehnat qilishi kerak…
    - Qizim Marjona 2023 yilda SamDU filologiya fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinib, barchamizni xursand qilgan edi, - deydi Zebo Hamroyeva. – Bugun iqtidorli talabalar safida ekanligini eshitib yana quvondim. Samarqand davlat universiteti rektoridan minnatdorman. Farzandlarimiz uchun maxsus guruh tashkil qilib, o‘qishi alohida nazoratga olingan. Uchrashuvda film namoyish etildi, ko‘rib ta’sirlandim. Talaba va ota-onalar uchun ibrat bo‘ldi. Jamiyatga bilimli bolalarni bergan ota-ona qadrlanadi. Bugundan boshlab farzandimni o‘qishiga yana bir bor mas’uliyat bilan yondashaman…
    - O‘glim Alisher dasturlash sohasiga qiziqqani uchun SamDU intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetiga o‘qishga kirgandi. Bugun fakultetda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, farzandlarimizga havas qildim, - deydi Bobur Malikov. - Fakultetda haqiqiy ilmiy muhit bor.  Zamonaviy, shinam xonalarga ega. IT markazini ko‘rib quvondim. Bugungi uchrashuv ota-onalar uchun manfaatli bo‘ldi. Film qahramonlaridan biri hindistonlik Sindar Puchaining hayotini eshitib, uning otasiga qoyil qoldim. Farzandiga qilgan sarmoyasi orqali, bugun u dunyodagi eng baxtli otalardan biri, unga havas qildim. Bolalarimizning yanada yaxshiroq o‘qishi uchun biz universitet bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.
    - Bugungi uchrashuvga onam keldilar. Fakultet, universitet muhiti bilan tanishtirdim. O‘zim yashaydigan yotoqxonaning sharoitlarini ko‘rsatdim, - deydi SamDU filologiya fakulteti talabasi Mushtariybegim Ismoilova. - Onam bir vaqtlar o‘qishga kirgan, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra tashlab ketgan...Onam menga faqat yaxshi o‘qishim kerakligini takror-takror aytadi...  

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.