Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat universitetiga shu yilning fevral oyida Oltoy davlat universiteti prorektori Roman Raykin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrif natijasida Samarqand davlat universiteti negizida Oltoy davlat universitetining “Markaziy Osiyoning arid va tog’ ekosistemalari quruqlik bo’g’imoyoqlilarining sistematikasi va faunasi” laboratoriyasini tashkil etish to’g’risida kelishuv imzolangan. Mazkur kelishuvning davomi sifatida Samarqand davlat universitetiga Oltoy davlat universiteti professori, hasharotlar sistematikasi sohasida dunyoning yetakchi olimlaridan biri, Scopus bazasiga kiruvchi (Q2) “Acta Biologica Sibirica” jurnalining bosh muharriri Roman Yakovlev tashrif buyurdi.

    Tashrifning birinchi kunida “Acta Biologica Sibirica” jurnalining tahrir a’zolari SamDU biologiya fakultetida “Yuqori reytingli jurnalda maqola chop etish: g‘oyadan nashrgacha” mavzusida seminar o’tkazdi. Seminarda tabiiy fanlar yo’nlishida sifatli tadqiqot olib borish hamda ushbu tadqiqot natijalarini yuqori reytingli jurnallarda chop etishda e’tibor berilishi lozim bo’lgan asosiy jihatlar haqida so’z yuritildi. Ma’ruza tadbir qatnashchilari – professor-o’qituvchilar, yosh olimlar, tayanch doktorant, magistrlar va bitiruvchi talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.

    Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Akmal Axatov va bo’lim boshlig’i Muxtor Nosirovlar bilan uchrashib, keyingi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

 

    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati