Talaba yoshlarni oilaviy munosabatga tayyorlashning pedagogik asoslari

Oila “inson” deb atalguvchi binoning faqat poydevorini qo‘yish bilan cheklanmasdan, balki uning so’nggi g’ishti qo’yilgunga qadar unga naqsh berib, so’nggi bo’yoq o’z joyini topgunga qadar mutlaqo javobgardir.
Ota-ona – san’atkor, bola – san’at asari, tarbiya jarayoni esa san’atning o’zidir.
Oila a’zolarining o’zaro aloqasi ko’p qirraligi bilan xarakterlanadi. Bunga iqtisodiy, g’oyaviy, aqliy, hissiy, psixologik, axloqiy qarindoshlik munosabatlar kiradi.
Oiladagi o’zaro aloqaning xususiyatlariga tabiiylik, barqarorlik, qarindoshlik, yagona manfaatni ko’zlash kiradi.
Oilaviy munosabatlar nihoyatda murakkab va bir-biriga bog’liq bo’lib, qadim zamonlardan bashariyat ahlining diqqat markazida bo’lgan.
Birgalikdagi oilaviy hayot barcha turli yoshdagi odamlar uchun, qaysi jins, irq, fe’l-atvor, ma’lumot, kasb-u koridan qat’iy nazar, katta bir sinash maydonidir. Bu masala o’tmish ajdodlarimizni qay darajada tashvishga solgan bo’lsa, bugungi kun avlodlarini ham tinch qo’ygani yo’q. To insoniyat yashar ekan, insoniy munosabatlar muammosi tugamaydi. Oilaviy munosabatlar masalasi juda keng ilmlarni o’z ichiga oladi.
Qadim tarixdan ma’lumki, olimlar shaxs va jamiyat aloqalari tizimida insonning tub mohiyatini anglash, uning rivojlanishi va kamol topishi qonuniyatlarini izlaganlar. Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Beruniy kabi yuzlab Sharq allomalari ham asarlarida bu o’zaro bog’liqlikning falsafiy va ijtimoiy sirlarini ochishga harakat qilganlar. Barcha qarashlar uchun umumiy bo’lgan narsa – bu odamni, uning mohiyatini anglash uchun avvalo uning shu jamiyatda tutgan o’rni va mavqyeini aniqlash zaruratidir. Shundan kelib chiqqan holda, shaxsni o’rganishning birlamchi mezoni ham uning ijtimoiy mavqeyi, ijtimoiy munosabatlar tizimidagi o’rni bilan belgilanishi kerak.
O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga yetkazish jarayonining mohiyati to’laqonli ochib berilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari–2018” mavzusida tadqiqot o‘tkazildi. Har qaysi mamlakatning o‘z fuqarolarini baxtli hayot bilan ta’minlash qobiliyatini ifodalaydigan ushbu indeks bo‘yicha, O‘zbekiston 156 davlat orasida 44, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida esa 1-o‘rinni egalladi.
Buyuk allomalarimizning inson kamoloti borasidagi qimmatli fikrlari hozirgacha yuksak ahamiyat kasb etib kelmoqda. Shuning uchun hozirgi davr talabi va dolzarb muammo yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ma’naviy yuksak e’tiqodga ega bo’lgan umuminsoniy fazilatlar ruhida shakllantirish, yuqori malakali mutaxassislar qilib yetishtirish nafaqat psixologlar, pedagoglar, murabbiylar, shu soha mutaxassislari, balki barchamizning muhim vazifamiz bo’lmog’i kerak.
Oilaviy turmush masalalarini o’rgangan uzoq va yaqin chet el psixologiyasi aynan oila barqarorligiga shaxslararo munosabatlar ta’sirining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari haqida, uning barqarorligini saqlovchi yoxud buzilishlariga olib keluvchi iqtisodiy, ijtimoiy-biologik, ijtimoiy-psixologik, ma’naviy-madaniy, hissiy-emosional, tarbiyaviy-pedagogik omillar ta’sirini o’rganganlar va oilaviy turmush muammolarini yechish bilan bog’liq qimmatli ma’lumotlar, ilmiy xulosa va tavsiyalarni ilgari surganlar.
J. J. Russo “Farzandlaringizni tolesiz qilishning eng sinalgan usuli qandayligini ya’ni - u nima desa hammasiga xo’p deyaverish ekanligini bilasizmi”, deb o’rinli ogohlantirgan.
Axloq - odobga oid hadislarning birida “Har bir ota o’z farzandlariga xulqi odobdan buyukroq meros berolmaydi”, - deyilgan. Shuning uchun bu masalada ota-ona birday mas’uliyatli hisoblanadi.
Kibriyo Hasanova,
Samarqand davlat universiteti
fakultetlararo pedagogika kafedrasi mudiri, professor.