Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning hozirgi bosqichida aholini kerakli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash muammosi asosiy o‘rinda turadi. Bu muammoni hal etishning yo‘li faqatgina qishloq xo‘jaligidagi ekin maydonlaridan unumli foydalanish va hosildorlikni oshirishdan iborat. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda o‘g‘itlar muammosi birinchi o‘rinda turadi. Chunki, mamlakatimizda mineral o‘g‘it ishlab chiqarish sanoati keng rivojlangan. Biroq, o‘simlikning o‘zlashuvchanlik darajasini oshirish, ishlatilayotgan xomashyodan tejamkorlik asosida foydalanish, o‘g‘itning sifatli bo‘lishi uchun bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish taqozo etiladi.

    Hozirgi kunda mineral o‘g‘itning fosforli, azotli va kaliyli turlariga e’tibor beriladi. Buning boisi – azotli o‘g‘it o‘simlik tanasini o‘stirishga, kaliyli o‘g‘it o‘simlik tanasini mustahkamlashga va fosforli o‘g‘it esa hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Bulardan tashqari tarkibida mis, rux kabi mikroelementlarni, qolaversa, kaliy, azot va fosforni tutgan kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqarishga keng imkoniyat yaratilishi borasida ilmiy ishlar amalga oshirilmoqda. O‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilish va o‘sish jarayonini samarali tezlashtirishda oltingugurtning ahamiyati katta.

    Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti magistri Madina Tirkasheva “Gidrofil oltingugurt olish texnologiyasi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzuga doir bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan.

     – O‘simliklarni himoya qilish jarayonida oltingugurt bilan oziqlantirish ham alohida o‘ringa ega - deydi Madina Tirkasheva. - Oltingugurt o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi uchun juda zarur bo‘lib, u o‘simlik uchun muhim makroelementlar bilan bir qatorda turadi. Uning yetishmasligi esa o‘z-o‘zidan hosil sifatining pasayishiga va qishloq xo‘jalik ekinlarining rivojlanish bosqichlarida turli xil kasalliklarga chalinishiga olib keladi. Buning natijasida yil so‘nggida kutilgan hosilni olishga erishilmaydi. Tuproq tarkibidagi oltingugurt o‘simliklarning me’yorda o‘sishi uchun yetarli bo‘lmaydi. Barcha turdagi ekinlarning o‘sishini tezlashtirish uchun 2-5 marotabagacha maydalangan yoki kolloid holdagi oltingugurt bilan ishlash tavsiya etiladi. Chunki, oltingugurt hashoratlarni o‘zidan qochiruvchi (cho‘chituvchi) xususiyatga ega. Lekin, oltingugurt gidrofob (namlanmaydigan) xususiyatga ega bo‘lishi uning samaradorligini kamaytiradi va oltingugurtli kimyoviy preparatlarni olinishini qiyinlashtiradi. Insektitsid moddalar ichida oltingugurtli dorilar inson va chorva mollariga zararli emas.

    Oltingugurt respublikamizdagi keng qo‘llaniladigan mahalliy insektitsid moddalardan biri bo‘lganligi uchun, fosforitlarni oltingugurt yordamida faollashtirib insektitsid faollikga ega bo‘lgan fosfor-oltingugurtli o‘g‘itlar olish dolzarb muammodir. Fosforitlarni oltingugurt ishtirokida faollashtirish natijasi fosforning o‘simlik o‘zlashtiruvchan va oltingugurtning gidrofil (namlanuvchi) shakliga o‘tkazish natijasida fosforli o‘g‘itlar olishda sarflanadigan sulfat kislota sarf miqdori tejaladi va olingan o‘g‘itlarning iqtisodiy jihatdan samaradorligi yuqori bo‘ladi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.