BAXT LIBOSI

Boy-badavlat ammo o‘zini juda baxtsiz sanaydigan er-xotin bo‘lgan ekan. Saroyday koshonada umrguzaronlik qilar, istagan narsasiga erishib, borgisi kelgan joyga borar, ko‘ngli tusagancha yashar ekan. Vaqt o‘tib badavlat odam va xotini har qancha boy bo‘lsa-da, hayotdan maʼno - mazmun topolmay qolibdi. Dunyoning bor neʼmati oyoqlari ostida ekan-u, baxtni his qilolmas ekan. Er-xotin donishmandning huzuriga borib, arzi hol qilibdi, undan baxt sirini so‘rabdilar.
Donishmand ularni jimgina tinglabdi-da: “Baxtsizlikdan xalos bo‘lish uchun baxtli insonning ko‘ylagini kiyishingiz kerak” deya javob qilibdi.
Er-xotin izlabdilar, ammo birorta ham baxtli odam topolmabdilar. Kimdir jufti, kimdir yo‘qsillik yana kimdir sog‘lik borasida o‘zini baxtsiz his qilar ekan. Maqsadlariga erisholmay, chorasiz ortga qaytayotganlarida bir kulbaning oldidan o‘tib qolibdilar. Ichkaridan:
– Allohim, o‘zingga shukrlar bo‘lsin! Bugungacha nima istasam berding. O‘zingga shukr, men juda ham baxtliman! – degan ovoz eshitilibdi.
Er-xotin ovozni eshitgan zahoti ichkariga kiribdi. Kulbada bir inson tiz cho‘kib duo qilar, ustida hatto ko‘ylagi ham yo‘q, ozg‘ingina bolakay esa qotgan nonni zo‘rg‘a tishlab yeyotgan ekan...
Aksariyatimiz boy er-xotin holidamiz. Baxtiyorlik libosini izlab, behuda harakat va vaqt sarflayapmiz. Asl baxt ustida hatto kiyimi bo‘lmasa-da, shukrni unutmagan insonning qanoatidir.
Poyabzali titilib ketgan bo‘lsa-da, ko‘chada to‘p tepib qiyqirayotgan yo‘qsil bolaning kulgulari – chinakam baxt.
Qo‘ltiqtayoqqa tayanib bo‘lsa-da, bir burda nonini halol topib yeyish uchun ko‘chaga chiqib ketayotgan kosibning mamnunligi — baxt.
Ko‘chaga chiqishdan oldin ota-onasining duosini olish imkoni bor insonning xotirjamligi — baxt.
Uyiga qaytganida eshik oldida qiyqirib kutadigan bolalari sog‘inchi — baxt.
Ertalab ishga shoshish, kechki payt uyga oshiqish — baxt. Va albatta, qodir qilgunicha O‘ziga ibodat qilish — bebaho baxt.
Baxtga, neʼmatlarga ko‘milib yashaymiz, aslida. Faqat baʼzan buni unutib qo‘yamiz...
Bugunoq baxt libosini kiying. Sizga u judayam yarashadi.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi