Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Alisher Ishankulov hozirgi kunda Rossiyaning Qozon milliy texnologiyalar universiteti nanokimyo ilmiy laboratoriyasida “Ko‘p komponentli gibrid kvant nuqtalar asosida polimerlarni modifikatsiyalash va ular asosida nanomateriallar olish” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.

    - Tadqiqot yuzasidan Rossiyaning bir qator universitetlari va Hindistonda bo‘ldim, - deydi Alisher Ishankulov. - Bu davlatlarda aniq va tabiiy fanlarga etibor juda kuchli, ilmiy tadqiqot o‘tkazuvchi olimlarga barcha sharoitlar yaratilgan. Albatta, bunda tajriba va fikrlar ilmashish imkoniyati kengroq bo‘ldi. Agar xolis fikr aytadigan bo‘lsam, hozirgi vaqtda bizning universitetimiz ham bosqichma-bosqich rivojlanish yo‘lidan ketmoqda. Shuningdek, xorijlik professor-o‘qituvchilarning universitetimizga kelib dars berishi ham bu yerdagi muhitni yaxshilashga, jarayonni yanada tezlashtirishga xizmat qiladi.

    Bugun Qozon milliy texnologiyalar universitetida o‘z faoliyatimni davom ettiryapman. Oiladan uzoqda yashash juda qiyin, lekin universitetimizga hozirgi kunda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilishda barchamiz rektorimizga qanot bo‘lib yordam berishimiz kerak. Hozir bu borada ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Universitetimizda barpo etilayotgan laboratoriyalar va sotib olinayotgan yangi zamonaviy asbob-uskunalar buning dalili bo‘la oladi.

    Men yoshligimdan kimyo faniga qiziqib o‘sganman. Birinchidan, o‘qituvchi va shifokor oilasida dunyoga kelganim sabab bo‘lsa, ikkinchidan kimyo o‘qituvchimiz juda yaxshi dars o‘tar edi. Hozir kimyogar bo‘lishni istagan yoshlarga dastavval maktabda yaxshi o‘qishlari, keyin esa chet tillarini o‘rganishni tavsiya qilaman. Yana bir muhim narsa bu badiiy kitoblar mutolaasi. U kishining fikrlari va dunyoqarashini teranlashtiradi. Men yoshlarga Artur Konan Doylning “Yo‘qolgan dunyo” ilmiy fantastik romanini, Paulo Koeloning “Alkimyogar” qissasini va Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” asarlarini o‘qishni maslahat bergan bo‘lar edim.

 

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.