Kimyo fanini o’qitishda innovatsion texnologiyalar qanchalik muhim?

Samarqand davlat universiteti noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Dilorom Qurbonova “Metallar va ularning xossalariga tegishli ayrim mavzularni o‘qitish metodikasini innovatsion texnologiyalar yordamida takomillashtirish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Shu kunga qadar mazkur mavzu bo‘yicha 15 ga yaqin maqolalar muallifi. Indoneziya, Belgiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlarning nufuzli nashrlarida maqola chop ettirgan. Umumiy kimyo yo‘nalishida 5 ga yaqin o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi. Dilorom Qurbonovaning “Umumiy kimyo” darsligi kimyo va biologiya o‘qitish metodikasi yo‘nalishi talabalari uchun asosiy darslik sifatida xizmat qilmoqda.
– Innovatsion texnologiyalar har bir soha uchun nihoyatda kerak, - deydi Dilorom Qurbonova. - Shu jumladan kimyo o‘qitish metodikasiga ham. Kimyo o‘qitishda o‘quvchilarning bilim saviyasi, o‘zlashtirish qobiliyati, ta’lim manbai, didaktik vazifalariga qarab, munosib ravishda metod tanlash, ta’lim jarayonini innovatsion texnologiyalar yordamida takomillashtirish muhim hisoblanadi.
Yaqinda olimaning ta’limda tabiiy fanlar samaradorligini oshirishga doir maqolasi Indoneziyaning nufuzli “Web of Scientest: International scientific research” nomli jurnalida nashr etildi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.