Milliy tadqiqot universiteti – “Moskva energetika instituti” (MЭI) 35 yoshgacha bo‘lgan talabalar, doktorantlar, yosh olimlar hamda energetika kompaniyalari mutaxassislarini 2026-yil 11-12-noyabr kunlari Moskva shahrida an’anaviy (oflayn) shaklda bo‘lib o‘tadigan “Kelajak energetika tizimlari” xalqaro yoshlar energetika forumida ishtirok etishga taklif qiladi.

Forum ilmiy bilimlar almashinuvi, energetika sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish hamda elektr energetikasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarning ilmiy-tadqiqot natijalarini taqdim etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Forum doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borish rejalashtirilgan:

  • Energetika tizimlarining ishlashi va boshqaruvi;
  • Energetika tizimlarining texnik xususiyatlari;
  • Elektr energiyasi sifatini boshqarish;
  • Energetika tizimlarini rivojlantirishni rejalashtirish, elektr energiyasi bozorlari va iqtisodiyoti;
  • Faol taqsimlash tizimlari va taqsimlangan energetika resurslari.

Forum yakunlari bo‘yicha Rossiya ilmiy iqtiboslar indeksida (RINTs/RSCI) indekslanadigan ma’ruzalar to‘plami nashr etiladi. Eng yaxshi ilmiy ishlar mualliflari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Forum tashkilotchilari – “Rosseti” AJ, Xalqaro yirik elektr tizimlari kengashining (CIGRE) Rossiya milliy qo‘mitasi hamda Milliy tadqiqot universiteti – “Moskva energetika instituti” (MЭI). Asosiy axborot hamkori – “ELEKTROENERGIYA. Uzatish va taqsimlash” jurnali.

Forumda ishtirok etish va ma’ruzalarni nashr etish bepul. Ishtirok etish uchun 2026-yil 25-oktabrga qadar tadbirning rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish va ma’ruza materiallarini taqrizdan o‘tkazish uchun taqdim etish lozim.

Qo‘shimcha ma’lumot va ro‘yxatdan o‘tish:

Forumning rasmiy veb-sayti

MЭI rasmiy veb-saytidagi e’lon

O‘tgan yilgi forum materiallari to‘plami