Sian Szyaotun universiteti universitet magistratura va doktorantura bosqichi talabalari hamda doktorantlarini Xitoyda magistratura bosqichi talabalari uchun matematik modellashtirish bo‘yicha tanlovning xalqaro yo‘nalishi – CPMCM – UASR International Trackda ishtirok etishga taklif etadi.

Xitoyda magistratura bosqichi talabalari uchun matematik modellashtirish bo‘yicha tanlov (China Postgraduate Mathematical Contest in Modeling, CPMCM) Xitoyda magistratura bosqichi talabalari uchun Innovatsiyalar va amaliyot bo‘yicha tanlovlarning milliy tizimi – China Postgraduate Innovation and Practice Competitions (CPIPC)ning asosiy tadbirlaridan biridir. Tanlov Xitoy oliy ta’limidan keyingi ta’lim assotsiatsiyasi (Association of Chinese Graduate Education, ACGE) tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi (MOE) rahbarligida tashkil etiladi.

Tanlov 2003-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va shu vaqt mobaynida 600 000 nafardan ortiq magistratura va doktorantura bosqichi talabalarini birlashtirib, yosh tadqiqotchilarga amaliy va ilmiy masalalarni hal etishda matematik usullardan foydalanish imkoniyatini yaratib kelmoqda.

2026-yilda ushbu tanlov Sian Szyaotun universiteti (Xi’an Jiaotong University, XJTU) tomonidan tashkil etiladi. Universitetning Ipak yo‘li universitetlari alyansi (University Alliance of the Silk Road, UASR) Kotibiyati sifatidagi o‘rni hamda keng xalqaro hamkorlik tarmog‘ini inobatga olgan holda, universitet tomonidan maxsus xalqaro yo‘nalish – CPMCM – UASR International Track ishga tushirilmoqda.

Xalqaro yo‘nalish matematik modellashtirish usullarini real amaliy muammolarni hal etishda qo‘llashga qaratilgan. Bunda ijodiy yondashuv, jamoaviy ish, amaliy tadqiqotlar va innovatsion fikrlashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tanlovda ishtirok etish yosh tadqiqotchilarga quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • dolzarb amaliy muammolarni hal etishda matematik usullardan foydalanish;
  • matematik modellashtirish va amaliy tahlil ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • tadqiqot olib borish va tahliliy kompetensiyalarni takomillashtirish;
  • xalqaro akademik muhitda hamda jamoa tarkibida ishlash;
  • real muammolarga ilmiy va innovatsion yechimlar ishlab chiqish qobiliyatini namoyish etish.

Matematik modellashtirish, amaliy tadqiqotlar, innovatsiyalar va fanlararo ilmiy hamkorlikka qiziqadigan magistratura va doktorantura bosqichi talabalari tanlovda ishtirok etishga taklif etiladi.

E’tibor bering: Ishtirok etish mezonlari, ro‘yxatdan o‘tish tartibi, tanlovni o‘tkazish muddatlari, ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar hamda taqdirlash tizimi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar ilova qilingan Participation Guidelines hujjatida keltirilgan.

Qo‘shimcha ma’lumot olish va ishtirok etish bo‘yicha savollar yuzasidan universitetning Xalqaro hamkorlik boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Ilova