Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti doktoranti Ulug‘bek Ochilov “Samarqand shahrining dendroflorasi va istiqbolli manzarali bioekologik xususiyatlari” mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari SamDU botanika kafedrasi mudiri, professor Xislat Haydarov.

  Dissertatsiya ishi Samarqand shahridagi noyob, kam uchraydigan manzarali daraxtlarni urug‘lar yordamida, vegetativ yo‘l va invitro usulida ko‘paytirish mavzusiga bag‘ishlangan. Tadqiqotchi bir qator ilmiy maruzalari bilan konferensiyalarda qatnashib kelmoqda.

  Ulug‘bek Ochilov Samarqand shahridagi manzarali daraxtlar jumladan, Gigant Sequojadendron yoki mamont daraxti bo‘yi 50-120 metr, diametri 8-10 metrgacha bo‘lgan doimiy yashil manzarali relikt daraxtni o‘rganmoqda. Shox-shabbasi konus shaklda. Daraxt po‘stlog‘i qalin, tolali, qizil-jigarrang tusda. Ildiz tizimi baquvvat, keng yoyilgan yon ildizlardan iborat. Qubbalari tuxumsimon, 5-8 sm. uzunlikda. Sekvoyadendron daraxti 3500-4000 yil yashaydi. Sekvoyadendron daraxtining yog‘ochligi qizil rangli, yengil, mustahkam bo‘lganligi sababli xalq xo‘jaligining turli sohalarida qo‘llaniladi. Sekvoyadendron vegetativ ham yaxshi ko‘payadi. Yon ildizlardan o‘sib chiqqan yosh niholchalar tez va yaxshi o‘sadi. Ko‘kalamzorlashtirishda keng qo‘llaniladi.

  Samarqandda birinchi marta 1875 yili keltirib o‘tqazilgan. Hozirgi kunda bir tupi SamDU biologiya fakultetining hovlisida o‘smoqda. Bu daraxt sovuqqa va issiqqa, hasharotlar va kasalliklarga chidamli. XX asrda Yevropa va Osiyo mamlakatlariga introduksiya qilingan. Hozirgi vaqtda sekvoya o‘sgan hudud AQSh ning milliy parki sekvoya nomi bilan ataladi. Vatani Kaliforniya.

   Botqoq sarvi - bo‘yi 40 metrga, tana aylanasi 3 metrgacha yetadigan, kuzda bargini to‘kuvchi, ajoyib manzarali relikt daraxt. Botqoqliklarda, daryo, ko‘l bo‘ylarida o‘sadi, qoziqsimon havoyi yer usti ildizlar hosil qiladi. Samarqandda 1874 yillarda ekilgan. Hozirda shahar Markaziy istirohat bog‘idagi ko‘l xududida 5 tupi o‘sib turibdi. Sovuqqa chidamli, - 25°C darajada ham deyarli zararlanmaydi. Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti hovlisida 34 yoshli botqoq sarvi daraxti mavjud. Nihoyatda serhosil, har yili qubbalar hosil qiladi. Urug‘idan ko‘paytirish mumkin. Vatani: Shimoliy Amerika, Meksika.

  Samarqand shahrida yuzdan ziyod manzarali daraxt turlari mavjud, ilmiy ishimda manzarali daraxtlarni ko‘paytirish borlarini saqlab qolish yuzasidan ishlar olib boryabman,- deydi Ulug‘bek Ochilov. – Samarqandda boshqa mintaqaga qaraganda manzarali daraxtlarni yetishtirish imkoniyati katta. Tabiati, suvi, unumdor yeri daraxtlar unib o‘sishi uchun qulaydir.

Behruz ShAMSIDDINOV,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar