Ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda amaliy natijadorlikka erishish orqali O‘zbekiston brendiga ega bo‘lgan ilmiy hajmdor mahsulotlarni yaratish uchun imkoniyat va sharoit paydo bo‘ldi.

    Mamlakatimiz kelajagi uchun nafaqat ilm-fan, balki, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, nanofotonika, materialshunoslik va metamateriallar bo‘yicha, ayniqsa muqobil energiya manbalari samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-son Qarorida belgilangan vakolatlardan kelib chiqib, universitet Kuzatuv kengashi qarori asosida AQSh ning Dallasdagi Texas universiteti bilan hamkorlikda “Samarqand kvant markazi” tashkil qilindi.

    Markazning asosiy maqsadi O‘zbekiston brendiga ega bo‘lgan ilmiy hajmdor mahsulotlarni yaratish (perovskitda kvant nuqtalar yaratish asosida yangi materiallar sintezi).

    Hozirgi vaqtda perovskitlardan foydali ish koeffitsiyenti yuqori, tannarxi arzon bo‘lgan quyosh elementlarini yasashda, sintez reaksiyalarida katalizatorlar, pezotransformatorlar, optik zatvor va kalitlar, mantiq va xotira elementlari, axborotni himoya qilish qurilmalari va raqamli texnologiya qurilmalarida ishlatilmoqda.

    Kelajakni perovskitlarsiz tasavvur qilish qiyin, chunki, kelajak kompyuterlari va mobil telefonlari ular asosida ishlaydi. Perovskitlar segnetoelastik va spintronika fizikasi kabi yo‘nalishlarining yangi sohalarida istiqbolli materiallar sifatida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

    Shuning uchun turli xossalarga ega bo‘lgan yangi birikmalarni sintez qilish usullari, birikmaning tarkibi va tuzilishi, fizik-kimyoviy xususiyatlari o‘rtasidagi qonuniyatlar va munosabatlarni o‘rnatish markazning muhim vazifalardan biridir.

    Perovskitlarning kimyoviy tarkibining xilma-xilligi, ularning amalda qo‘llanish sohasini kengaytiradi. Xususan, perovskitlar asosida kvant kompyuterlari uchun kubitlar olish texnologiyasini yaratish imkoniyati mavjud.

    Markazda olib boriladigan ilmiy tadqiqot ishlari perovskitlar va ularga turdosh bo‘lgan materiallarni sintez qilishni amalga oshiradi. Ular asosida yangi qurilmalarni ishlab chiqarish hamda ularni jahon materialshunoslik bozoriga yetkazib berish imkoniyatini ochadi.

    “Samarqand kvant markazi” da turli xil tarkibli (tarkibiga organik bo‘yoqlar va nodir yer elementlari kiritilgan) perovskitlar asosida kristall va yupqa qatlamli materiallar, gibrid strukturalar sintez qilinadi hamda ularning fizikaviy va kimyoviy xossalari tadqiq qilinadi.

    Shuningdek, optoelektronika, spintronika, yashil energetika uchun yangi nanomateriallar sifatida taklif etiladigan bir fotonli nurlanish hosil qiluvchi turli perovskit nanokristallar yaratish texnologiyasi ishlab chiqiladi.

    “Samarqand kvant markazida” olib boriladigan tadqiqotlar natijasida quyosh energetikasi, telekomunikatsiya va mikroelektronika sohalarida qo‘llaniladigan sezgirligi yuqori bo‘lgan sensorlar hamda kvant kompyuterlarida qo‘llaniladigan kubitlar texnologiyasi ishlab chiqiladi.

    Ishlab chiqilgan texnologiyalar asosida kelgusida optoelektronika, nanofotonika, mikroelektronika sohalari uchun yangi qurilmalar va asboblar yaratiladi.

    Markaz saytiga o‘tish