Samarqand davlat universitetining Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar institutida talaba-qizlarning axborot texnologiyalari, dasturlash, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va raqamli innovatsiyalar sohasidagi bilim hamda salohiyatini rivojlantirish maqsadida “IT Queens — kelajakni yaratuvchi qizlar” innovatsion tanlovining viloyat (hududiy) bosqichi bo‘lib o‘tdi.Tanlovning mazkur bosqichida viloyatdagi barcha davlat oliy ta’lim muassasalarining oliygoh bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talaba-qizlari ishtirok etib, o‘zlarining innovatsion g‘oya va loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etdilar. Ishtirokchilar tomonidan dasturiy ta’minot, veb-ishlanmalar, mobil ilovalar, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli ta’lim, mexatronika va robototexnika, aqlli qurilmalar hamda IoT yechimlari kabi yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan loyihalar namoyish etildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra o‘z yo‘nalishlar bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar. Samarqand davlat universitetining talabalari Shaxina Sobirova, Charos Erkinova. Sevarabonu Aslamova, Ruxshona Sa’dullayeva ana shunday sharafga muyassar bo‘ldilar. Taqdirlash marosimida O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Shohida Shomulatova, Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Ahadov va rektorning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sitora Ro‘ziyeva ishtirok etdilar. G‘olib va faol ishtirokchilarga diplom hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.