Samarqand davlat universiteti Biokimyo, Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish institutlari, geografiya va ekologiya, intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti 2-kurs iqtidorli talabalari va ularning ota-onalari uchun uchrashuv bo’lib o’tdi.

    Ota-onalar dastlab Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishib, yaratilgan sharoitlarni ko’zdan kechirdi. Farzandlari tahsil olayotgan institut va fakultetlarda bo’lib, dars jarayonlarda ishtirok etishdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola qilindi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim, taʼlim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li aks ettirilgan.  

    Samarqand davlat universiteti birinchi prorektorlari Ahmadjon Soliyev va Rustam Yo’ldoshevlar so’zga chiqib, ota-onalar bilan muloqot qildi.

    - Jizzax viloyatidan keldim. Nevaram Layloxon SamDU Biokimyo institutida o’qiydi, - deydi Ma’mur Mirzaqulov. – Mazkur universitetga birinchi marta kelishim. Hozirgi talabalarga havasim keldi. Nahotki, shunday hashamatli binolarda o’qisa, zamonaviy laboratoriyalarda tadqiqotlar olib borsa? Juda ham xursandman. Ushbu sharoitlarni yaratib bergani uchun Prezidentimiz minnatdorman.

    - Men ham Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetini bitirganman. Nevaram Sevinch geografiya va ekologiya fakultetida o’qiydi, - deydi Asqar To’xtamurodov. – Uzoq yillar maktabda ishladim. Nevaram ham menga o’xshab o’qituvchi bo’lish ilinjida, bundan xursandman. Ota-onalar yig’ilishi biz uchun manfaatli bo’ldi. Farzandlarimizning o’qishi faqat universitetga emas, balki biz uchun yanada muhimroq. Davlat bolalarimizning o’qishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan. Farzandlarimizning o’qishi va izlanishi uchun biz mas’uliyat bilan yondashishimiz lozim…

    - Buxoro viloyatidan keldim. O’g’lim SamDU Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish institutida o’qiydi, - deydi Bahodir Ahmedov. - O’g’lim Ahmadjonning iqtidorli guruhda o’qishi meni xursand qildi. Universitet sharoitlari bilan tanishib, ko’zim quvondi. Biz o’qigan davrda bunday imkoniyatlar bo’lmagan. Yo’l uzoq, Buxoroda o’qisang bo’lar edi, deb ko’p ta’kidlaganman. Bugun sharoitlarni ko’rib, farzandim to’g’ri tanlov qilganiga amin bo’ldim. Yig’ilishda film namoyish etildi.  Film ishtirokchilaridan biri, O’zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova o’z hayotini, boshidan kechgan qiyinchiliklari va erishgan yutuqlarini gapirib berganida rosa ta’sirlandim. Muhabbat opa ham SamDU ni bitirib, bugun O’zbekistondagi eng oliy unvonga sazovor bo’lib turibdi. Bizning farzandlarga ham el ardog’ida bo’lish nasib qilsin.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.