Samarqand davlat universiteti Biokimyo institutidagi o'quv xonasiga professor Nazir Amirxanov nomi berildi...
Biologiya fanlari doktori, professor Nazir Amirxanov 1933-yilda Xo‘jand viloyatida tavallud topdi. 1950-1955 yillarda Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida tahsil oldi. 1955-yilda o‘qishni tamomlagach kafedrada assistent, dotsent, professor lavozimlarida ishladi.
Qirq yildan ortiq umrini SamDU da yosh avlodga saboq berishga bag‘ishladi.
Olim 1962-yilda nomzodlik dissertatasiyasini “Qatron kochi biologiyasi va uni Samarqand viloyatida madaniylashtirish” mavzusida Rossiya FA Sankt-Peterburg Botanika institutida himoya qildi.
1974-yili “O‘zbekistonda qatronlarning sistematikasi, biologiyasi, introduksiyasi, kimyoviy tarkibi masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Biologiya fani taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi uchun 1978-yilda professor ilmiy unvoni berildi.
1980-yilda professor Narzi Amirxanov botanika kafedrasi qoshida “O‘simliklarni iqlimlashtirish laboratoriyasi”ni tashkil etdi. Chorvachilikda to‘yimli yem-xashak bazasini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurash ekinlarning hosildorligini oshirish borasida xalq xo‘jaligi uchun ko‘plab samarali tavsiyalar yaratdi.
Bundan tashqari, SamDU Botanika bog‘ining shakllanishida, turli-tuman noyob manzarali o‘simliklar bilan boyitilishiga o'z hissasini qo'shdi.
Olim 1996-yilda Nyu-York Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi.
Domlaning ikki yuzdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari, 6 monografiyasi hamda o‘quv-qo‘llanma va risolalari chop etilgan.
Nazir Amirxanov rahbarligida 6 nomzodlik ishi yoqlangan. Domlaning N.Janonov, Sh.Hamroqulov, X.Muqimov, X.Keldiyorov, Z.Umurzoqova, B.Islomov kabi shogirdlari u kishining ishlarini davom ettirmoqda...
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati