Hurmatli Bakriddin Zaripovich!

    O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan tarqatilgan xushxabar mening eʼtiborimni tortdi. 

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi kunlarida Sizning amerikalik taniqli olim Nyu-Yorkdagi “Vet-Vittels” kompaniyasi rahbari, biologiya fanlari doktori, Harvard universiteti professori, akademik Efroim Gurman bilan hammualliflikda  yozgan kitobingiz   AQSH ning “Xlibris” nashriyoti tomonidan ingliz tilida chop etildi.

    O‘zA xabarida alohida taʼkidlanganidek: “Integral ovqatlanish bo‘yicha qo‘llanma” to‘g‘ri ovqatlanish, inson salomatligini mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi g‘oyalar ensiklopediyasidir. Sodda til, xalqona uslubda yozilgan kitob har bir kishiga to‘g‘ri ovqatlanish orqali hayotdagi o‘z maqsadlariga erishish uchun eng yaqin maslahatchi bo‘la oladi. Mualliflar maʼlumotlarni murakkab ilmiy terminlardan imkon qadar qochib, o‘quvchilarning barcha qatlami uchun tushunarli bo‘lgan usulda taqdim etishgan. Shu bois yangi asarning elektron va bosma nusxalariga bo‘lgan talab hozirdanoq oshib ketdi. Ayni paytda kitob AQSH va ingliz tilli davlatlarda sotilayotgan bo‘lsa, bir qancha nashriyotlar uni ispan, portugal, xitoy tillariga tarjima qilish bo‘yicha takliflarini berishmoqda... 

    To‘g‘risi, ushbu xabar Menga va butun  SamDU olimlariga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

    Sizning bu kitobingiz haqida mutaxassislar albatta o‘z fikrini bildirishiga ishonaman. Men masalaning maʼnaviy-maʼrifiy tomoni haqida mulohazalarimni aytmoqchiman.

    O‘zbekistonda Siz kabi fidoyi, jonkuyar, halol, vatanparvar olimlar ko‘p bo‘lishini istayman.

    Bir-biriga xolis yaxshilik qiladiganlar, yelka tutadiganlar safi yana-da kengayishini orzu qilaman.

    Mustaqil Vatanimizni, Yangi O‘zbekistonimizning asoschisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan islohotlarini Siz kabi butun dunyoga targ‘ib etayotganlar yana-da ortishini xohlayman.

    Sizni biz, Samarqand davlat universitetini, bu dargohda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar, doktorant va talabalarning yaqin do‘sti hamkori, maslahatchisi sifatida qadrlaymiz, eʼzozlaymiz.

    Siz Samarqand davlat universiteti dovrug‘i dunyo bo‘ylab taralashiga, ilmiy salohiyati yana-da ortishiga, o‘zingizning munosib hissangizni qo‘shib kelmoqdasiz.

    Yangidan tashkil etilgan SamDU Biokimyo instituti shakllanishida, taraqqiyotida, xalqaro aloqalari yana-da rivojlanishida Siz kabi ustozlarning beg‘araz yordamiga ishonamiz, tayanamiz.

    Siz mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, olimlari  o‘rtasidagi ko‘priksiz.

    Do‘stlar, hamkasblar, shogirdlar yutuqlaridan quvonadigan, doim ko‘mak berishga tayyor turadigan, ko‘ngli ochiq Sizday qadrdonimizni yangi asar bilan chin qalbimdan tabriklayman.

    Alloh umringizga, rizqingizga, ilmingizga baraka bersin...

 

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.