Turkiy davlatlari tashkilotining Turk dunyosi universitetlari ittifoqi (TURKUNIB) ning navbatdagi yig’ilishi o’tkazildi.

    Nufuzli tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, «Ipak yo’li» turizm xalqaro va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosari Sa’di Jafarov, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti rektori Adalat Murodov, Manas universiteti rektori Alpaslan Jeylan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Turkiy tillar akademiyasi prezidenti maslahatchisi Seksenbay Tleujan,  Turk madaniyati va merosi fondi tadqiqotchisi Elvira Tanaguzovalar ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

    «Ipak yo’li» turizm xalqaro va madaniy meros universiteti mezbonlik qilgan anjuman Turk dunyosi OTMlar ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlash, ta’limni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida o‘tkazildi.

    TURKUNIB ning maxsus sessiyasida akademik hamkorlikni rivojlantirish, turk dunyosi universitetlari o’rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, talabalar uchun almashinuv va amaliyot dasturlarini yaratish, stipendiyalar ajratish,  ittifoqqa a’zo barcha mamlakat universitetlarida yuqori sifatli ta’lim standartlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi:

    - So‘nggi yillarda O‘zbekiston zamonaviy tashqi siyosatining yangi yondashuvlarga tayangan holda ko‘p tomonlama hamkorlik shakllaridagi faoliyatini sezilarli ravishda rivojlantirish yo‘lidan borayotganligi barchamizga ma’lum. Buning namunasi sifatida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini e’tirof etish mumkin. Ushbu tuzilmaga O‘zbekiston 2019-yil oktyabrda Boku shahrida o‘tkazilgan sammit doirasida a’zo bo‘ldi. Yurtimiz ushbu Kengashdagi ishtiroki orqali turkiy dunyoda birdamlik ruhi va ishonch muhitini mustahkamlash siyosatiga sodiqligini hamda tashkilot doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga tayyor… Bugungi yig‘ilishimiz sababi, Turkiy davlatlar tashkiloti turkiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlash, ta’limni rivojlantirish ekanligi nihoyatda quvonarlidir. Shuni e’tiborga olgan holda, Samarqand davlat universiteti ham Turkiy universitetlar ittifoqiga a’zo bo‘lish istagini bildiradi. 

    Ma’lumot uchun, Turk dunyosi universitetlari ittifoqi kengashi 2013-yilda tashkil etilgan. Hozirda Ittifoqning Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadan 40 dan ortiq a’zosi bor.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.