Sharofiddin Amriddinov, Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi:

    –Bugun yurtimizda qalblarga olam-olam surur, yangidan-yangi orzu-havaslar baxsh etuvchi Navro‘z shukuhi hukmron. Yilboshi bayrami arafasida o‘tgan davrda erishilgan natijalarni sarhisob qilish kelgusi maqsadlarni belgilab olishga yordam beradi. So‘nggi bir yil men uchun juda omadli keldi. May oyida Gretsiyaning Iraklon shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha Yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida 2 oltin va 1 kumush medali qo‘lga kiritib, Jahonning mutlaq chempioni bo‘ldim. Iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo chempionligiga sazovor bo‘ldim. Avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan Islom birdamlik o‘yinlarida bronza medaliga ega bo‘ldim. Shuningdek, oktyabr oyida Bahrayn poytaxti Manama shahrida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin va ikki bronza medalni qo‘lga kiritdim. Yil yakunida Kolumbiyada o‘tkazilayotgan kattalar o‘rtaisdagi Jahon chempionatida ishtirok etdim. Ayni vaqtda kattalar o‘rtasidagi Osiyo va Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. O‘ylaymanki, keyingi Navro‘zgacha bular safiga yangi muvaffaqiyatlar qo‘shiladi. Buning uchun tinmay harakatdaman. Fursatdan foydalanib, barcha tengdoshlarimni Navro‘z ayyomi bilan tabriklayman. Boshlanayotgan yangi davr yuksak zafarlar sari yetaklasin.