Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan Samarqand shahridagi imkoniyati cheklangan, uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o’quvchilar holidan xabar olindi.

    Hasan va Husan Sadriddonovlar Samarqand shahridagi 81-maktabning 3-sinf o’quvchilari. Afsuski, ular taqdir taqazosi bilan maktabda emas, balki uyda, yakka tartibda o’qishga majbur. Egizaklar miya falajiga qarshi kurashish bilan birga ta’lim olish uchun harakat qilmoqda.

    Samarqand davlat universiteti birinchi prorektori, professor Shahzoda Negmatova boshchiligidagi jamoa ushbu xonadonga tashrif buyurib, ularning holidan xabar oldi. O’quvchilar bilan suhbatlashdi, kelajagi bilan qiziqdi. Shuningdek, universitet rektorining samimiy tilaklarini bildirib, kitob va esdalik sovg’alarini topshirdi.

    Birinchi prorektor aka-ukalarning onasi bilan muloqot qilar ekan, uni chin ma’nodagi “Qahramon Ona” ekanligini ta’kidlab, farzandlarining dardiga shifo, o’qishlariga esa omadlar tiladi... Suhbat davomida ona ko’z yoshlarini tiyolmadi…

    Dildora Isayeva, Hasan va Husan Sadriddonovlarning onasi:

    - Hayot turli xil qiyinchilik va sinovlarga boy. Mening farzandlarim ham ushbu azobli kunlarni boshidan kechirmoqda. Miya falaji xastaligi sabab, bir necha yillardan buyon ushbu kasallikga qarshi turib kelmoqda. Tayanch harakatidan mahrum bo’lgan. Davosini izlayapmiz, umidimizni hech ham so’ndirmaganmiz. Farzandlarni berganiga shukr qilaman. O’qituvchilari har kuni kelib, darslarini, bilim olishini nazorat qilmoqda. O’qishlari yaxshi…To’g’risi, bugungi tashrifni kutmagan edim. Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning e’tiboridan juda xursand bo’ldim. Men ham farzandlarimni olim inson bo’lishini xohlayman. Nasib qilsa, o’g’illarim sog’ayib ketsa, Samarqand davlat universiteti talabalari bo’lishishiga umid qilaman. Barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman…

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.